Kolumbiyaning Kundinamarka provinsiyasidagi ko‘mir konida sodir bo‘lgan portlash natijasida 9 nafar konchi halok bo‘lib, 6 nafari yaralandi. Milliy konchilik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, portlash gaz to‘planishi sababli yuz bergan.
Sutatausa munitsipalitetidagi qonuniy faoliyat yurituvchi kon dushanba kuni portlagan. Kon poytaxt Bogotadan 72 km shimolda joylashgan. Agentlikning ta’kidlashicha, portlashdan bir necha hafta oldin ushbu kon uchun xavf-xatarni nazorat qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan edi.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, portlash Carbonera Los Pinos kompaniyasi tomonidan boshqariladigan konda sodir bo‘lgan va konchilar yer ostidan kamida 600 metr chuqurlikda ishlayotgan edi. Kompaniyaga darhol murojaat qilish imkoni bo‘lmadi.
Kundinamarka gubernatori Xorxe Emilio Rey portlash “gaz to‘planishi sababli” yuz berganini aytdi. U dastlab 12 kishi qamalib qolgani, uch kishi qochib qutulganini ma’lum qilgan edi. Qutqaruvchilar voqea joyiga yo‘l olgan va gaz darajasi baholanmoqda.
Yaradorlar mahalliy kasalxonaga yotqizilgan. Gubernator “Ushbu fojiadan chuqur afsusdamiz va oilalariga hamdardlik bildiramiz”, dedi.
Konchilik agentligi 9 aprel kuni konni tekshirish chog‘ida metan kabi gazlar aniqlanganini va xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Agentlik “ko‘mir konlarida metan va ko‘mir changi to‘planishi mumkin”ligini ta’kidladi.
Kolumbiyada ko‘mir va oltin konlarida portlash va boshqa hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi, aksariyati noqonuniy yoki xavfsizlik choralari yetarli bo‘lmagan korxonalarda. Voqea sodir bo‘lgan hududda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan noqonuniy konlar ham mavjud.
Source: www.aljazeera.com