Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentdagi ayrim maktablarda o‘quvchilar davomatini kuzatish uchun “aqlli” kameralar o‘rnatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu tizim muhokamalarga sabab bo‘ldi va Maktabgacha hamda maktab ta’limi vazirligi rasmiy izoh berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 18-sentabrda tasdiqlangan qo‘shma nizomga asosan, o‘quvchilarning darsga qatnashi har kuni sinf rahbarlari va fan o‘qituvchilari tomonidan “e-maktab” platformasi orqali qayd etiladi.

Sababsiz dars qoldirgan o‘quvchilar bo‘yicha maktabda faoliyat yurituvchi inspektor-psixolog ota-onalarga rasmiy ogohlantirish xatlari yuboradi. Xatda farzandning darslarga muntazam qatnashini ta’minlash talab qilinadi va bu majburiyat bajarilmasa, qonuniy javobgarlik yuzaga kelishi mumkinligi bildiriladi.

Vazirlik ta’kidlashicha, o‘quvchilarning darslarga muntazam qatnashmasligi aniqlanganda, ota-onalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan javobgarlikka tortilishi mumkin.

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ayrim maktablarda sinov tariqasida o‘rnatilayotgan “aqlli” kameralar davomatni nazorat qilish jarayonini samarali tashkil etishda qo‘shimcha vosita sifatida qo‘llanilmoqda.

Tizim maktab ma’muriyatiga o‘quvchilarning darslarda ishtirokini kuzatish imkonini berishi, shuningdek, ota-onalarga farzandlarining maktabdagi holatini onlayn nazorat qilish va xavfsizligini ta’minlashda yordam berishi ta’kidlangan.

Source: www.gazeta.uz