5-may kuni soat taxminan 16:25 larda Toshkentning “Chimgan” savdo-ko‘ngilochar markazi yaqinida Chevrolet Equinox avtomobili chorrahada svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan qator mashinalarga katta tezlikda urildi. Hodisa aks etgan ko‘plab videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Videoyozuvlarda qora rangli avtomobil zarb oqibatida havoga ko‘tarilib, boshqa mashinalarning ustiga tushganini ko‘rish mumkin. Orqadan berilgan kuchli zarba oqibatida mashinalardan biri yo‘ldan chiqib ketib, daraxtga urilgan. Boshqa haydovchilar jabrlanuvchiga mashinadan chiqishga yordam berishga harakat qilgan. Ularga yordam berish uchun qutqaruvchilar yetib kelgan.
Hodisa joyiga keyinroq yetib borgan Gazeta muxbiri Equinox avtomobili butunlay pachoq bo‘lib ketganiga guvoh bo‘ldi. Ariqda turli mashinalarning kuzov qismlari, shinalari va salon detallari sochilib yotardi. Obodonlashtirish xizmati xodimlari esa daraxtlarning singan shoxlarini yig‘ishtirib olayotgandi.
Toshkent shahri IIBB xabariga ko‘ra, hodisaga Equinox'ning 73 yoshli haydovchisi sog‘lig‘i yomonlashgani va boshqaruvni yo‘qotgani sabab bo‘lgan. U tos suyagi va chap yelka sinishi, bosh miya yopiq jarohati alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, boshqa transport vositalarining haydovchilari: 1968-yilda tug‘ilgan S.E., 1971-yilda tug‘ilgan M.A., 1985-yilda tug‘ilgan S.E. yengil jarohat olgani sababli ularga shifokorlar birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan.
YHXB voqea sababli 15 ta transport vositasiga texnik shikast yetganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz