Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

III Toshkent urbanforumining sessiyalaridan birida shahar muhitini yangilash va aholi manfaatlari o‘rtasidagi muvozanat masalasi muhokama qilindi. Tadbir Toshkent shahri hokimligi va Progressiv islohotlar markazi ko‘magida O‘zbekiston yosh arxitektorlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etildi.

Tashkent Invest direktori o‘rinbosari Rustam Qodirov shahar rivojlanishini, jumladan, renovatsiya jarayonini “bemor uxlamasdan, odatiy hayot tarzini davom ettirayotgan vaqtda yurakda o‘tkaziladigan ochiq jarrohlik amaliyoti”ga qiyosladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, renovatsiya zarurati aholi sonining shiddat bilan o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lib, yangi maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va jamoat joylariga ehtiyoj ortib bormoqda.

Qodirovning ta’kidlashicha, bugungi kunda yangi maktablarga bo‘lgan ehtiyoj taxminan 60-65 tani tashkil etadi va bitta maktab qurish uchun kamida 2,5 gektar yer maydoni kerak. U daraxtlar va bog‘lar muhimligini tan olgan holda, ustuvorlik ta’limda bo‘lishi kerakligini aytdi. Shu bilan birga, ideal holatda ham bog‘lar, ham ta’lim muassasalari bo‘lishi kerakligini va renovatsiya dasturi to‘g‘ri amalga oshirilganda bularning barchasini ta’minlashi mumkinligini qayd etdi.

Qodirov Toshkentning 2026-yilgi budjeti taxminan 1 mlrd dollarni tashkil etishini, bu Olmaota (5,5 mlrd dollar), Istanbul (15 mlrd dollar) va Moskva (65 mlrd dollar) bilan solishtirganda ancha past ekanligini ta’kidladi. U moliyaviy imkoniyatlardagi farq infratuzilma rivojlanish sur’atlariga va shahar muhiti sifatiga bevosita ta’sir qilishini aytdi.

Renovatsiya dasturi doirasida mulkdorlarning rozilik chegarasi 100 foizdan kamida 80 foizgacha tushirilgani eslatildi. Qodirov bu qarorni “yomonning ichidan yaxshisini tanlash” deb izohladi va xususiy mulk huquqini qo‘llab-quvvatlash bilan birga to‘g‘ri muvozanatni topish muhimligini ta’kidladi.

Barqaror mobillik va infratuzilma siyosati bo‘yicha ekspert Bobur Sirojev yangi tumanlarni loyihalashda yo‘l tarmog‘i va jamoat transportiga tushadigan yuklamani hisobga olish muhimligini aytdi. U aholining transport tanlovi shaxsiy xohish-istaklar bilan emas, balki shahar infratuzilmasi imkoniyatlari bilan belgilanishini ta’kidladi.

Tashkent Invest kompaniyasining shaharni barqaror rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Rushana Hasanova dizayn kodning ahamiyati haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yagona standartlar vizual shovqinni kamaytirish, tarixiy binolarni himoya qilish va piyodalar uchun qulaylikni oshirishga yordam beradi. Biroq, Toshkentda dizayn kodning joriy etilishi tadbirkorlarning tanqidi va noroziligi bilan kuzatilmoqda, chunki hokimiyat tomonidan bosim va tahdidlar mavjud.

Source: www.gazeta.uz