Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Vazirlar Mahkamasining 4-maydagi qarori bilan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalari buzilishini foto yoki video orqali qayd etgan fuqarolarni rag‘batlantirish tartibi joriy etildi. Ushbu mexanizm 2026-yil 1-avgustdan boshlab ishga tushadi.

Fuqarolar xavfli ishlab chiqarish obyektlari va texnik qurilmalardan foydalanishdagi huquqbuzarliklar, avariya, portlash yoki inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi holatlarni suratga olishlari mumkin. Materiallarda huquqbuzarlik mohiyati, geolokatsiya, sana va vaqt aniq ko‘rsatilishi shart.

Foto va videolar “Elektron hukumat” tizimi orqali identifikatsiya qilingan holda yuboriladi. Shaxsiy ma’lumotlar avtomatik ravishda himoya qilinadi. Materiallarni montaj qilish, tahrirlash yoki effektlar qo‘shish taqiqlanadi, faqat texnik sabablarga ko‘ra huquqbuzarlik aks etgan qismni kesishga ruxsat beriladi.

Murojaatlar qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari tomonidan uch ish kuni ichida joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqiladi. Agar huquqbuzarni aniqlash imkoni bo‘lmasa, materiallar ichki ishlar organlariga yuboriladi. Huquqbuzarlikda jinoyat alomatlari aniqlansa, hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.

Rag‘batlantirish mexanizmiga ko‘ra, birinchi bo‘lib ishonchli ma’lumot taqdim etgan shaxsga undirilgan jarimaning qo‘mitaga o‘tkazilgan qismidan 20 foizi miqdorida pul mukofoti beriladi. Mukofot murojaatchining mobil raqamiga bog‘langan to‘lov tizimi yoki bank kartasiga avtomatik o‘tkaziladi.

Qaror bilan qo‘mitaga uch oy muddatda murojaatlarni qabul qilish va tahlil qilish imkonini beruvchi axborot tizimini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Ichki ishlar vazirligi esa 2026-yil 1-iyulga qadar o‘zining “E-ma’muriy ish” elektron tizimini ushbu platformaga integratsiya qilishi kerak.

Source: www.gazeta.uz