Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy viloyati Nurota tumanida 5-may kuni ertalab soat 09:05 atrofida og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. 34 yoshli ayol haydovchi G.Q. boshqaruvidagi ‘Matiz’ rusumli avtomobil Yangihayot mahallasidan o‘tuvchi 85V-043 avtomobil yo‘lining 8−9-kilometrlari oralig‘ida ag‘darilib ketdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) ma’lumotiga ko‘ra, haydovchi tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqarayotgan bo‘lib, tajribasizligi va chalg‘ishi oqibatida rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning chap tomoniga chiqib ketib, ag‘darilgan. Hodisa oqibatida haydovchi shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay vafot etgan.

Avtomobilda bo‘lgan 14 nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Surishtiruvlar davomida ayol oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari sifatida faoliyat olib borgani ma’lum bo‘lgan.

YHXX xabarida ta’kidlanishicha, 14 nafar bolaning Matiz avtomashinasida qoidalarga zid ravishda tashilishiga ularning ota-onalari ham e’tiborsiz bo‘lgan. Kun.uz ma’lumotiga ko‘ra, ayol turmush o‘rtog‘i bilan haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda yillar davomida mashina boshqarib kelgan, ya’ni bolalar doimiy ravishda shu holda uydan bog‘chaga va bog‘chadan uyga tashilgan.

Hozirda holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu hodisa O‘zbekistonda bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini xavfsizlik qoidalarini buzgan holda 4−7 o‘rinli avtomobillarda tashish amaliyoti keng tarqalganini yana bir bor ko‘rsatdi. Avvalroq Surxondaryo, Sirdaryo, Namangan va Buxoro viloyatlarida ham shunday qoidabuzarliklar aniqlangan edi.

Source: www.gazeta.uz