Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Xavfsiz bot” (@dinuzbbot) Telegram botini ishga tushirdi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Bot orqali fuqarolar diniy materiallarga dinshunoslik ekspertizasi xulosasi berilgan yoki berilmaganini, ayrim shaxs va tashkilotlar faoliyati qonunchilikka muvofiq yoki taqiqlanganini tekshirishi mumkin.
Qo‘mitaga ko‘ra, bot ekstremistik va radikal g‘oyalarning internet hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi fonida aholining, ayniqsa yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularni noqonuniy diniy kontent ta’siridan himoya qilish maqsadida ishga tushirilgan.
Botdan foydalanish uchun Telegram qidiruv tizimiga @dinuzbbot deb kiritish kerak. Platformada foydalanuvchilar uchun quyidagi bo‘limlar mavjud: “Taqiqlangan profillarni tekshirish”, “Diniy adabiyotlarni tekshirish”, “Taqiqlangan shaxs va tashkilotlar”.
“Taqiqlangan profillarni tekshirish” bo‘limida Oliy sud qarori bilan taqiqlangan profillar haqidagi ma’lumotlar, jumladan profil nomi, ijtimoiy tarmoq turi, xulosa va asoslovchi hujjatlar taqdim etiladi.
“Diniy adabiyotlarni tekshirish” bo‘limida adabiyot nomi, muallifi, nashriyot, chop etilgan sana va dinshunoslik ekspertizasi xulosasi ko‘rsatiladi.
“Taqiqlangan shaxs va tashkilotlar” bo‘limi orqali Oliy sud qarori bilan taqiqlangan ekstremistik va terroristik tashkilotlar, shuningdek, taqiqlangan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin.
Shuningdek, bot orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa vakolatli tashkilotlarning rasmiy sayt hamda axborot kanallariga kirish imkoniyati yaratilgan.
Source: www.gazeta.uz