Shu dam olish kunlari — 6 va 7-iyun kunlari Toshkentda to‘rt yildan buyon shu nomdagi qo‘g‘irchoqsozlar, kolleksionerlar va mualliflik o‘yinchoqlari ishqibozlari hamjamiyati tomonidan o‘tkazib kelinayotgan VII “Qo‘g‘irchoqlar uyi” festivali bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda “sayohat oldi” kayfiyati hukmron. Buni nafaqat taqvim bilan bog‘liq “Yozga sayohat” mavzusi, balki lokatsiyaning o‘zgargani ham belgilab berdi — festival uchun qadrdon bo‘lgan, Markaziy ko‘rgazmalar zali binosida joylashgan Xamar galereyasi shu bahorda yopildi.
Yangi maydon izlash ishlari tashkilotchilar Olga Tomling va Oksana Seredyukni xiyobon yaqinidagi (Matbuotchilar ko‘chasi, 17) “Teatr+” immersiv teatri va niqoblar muzeyiga yetaklab keldi. “Teatr va qo‘g‘irchoqlar olami muhit jihatidan bir-biriga juda hamohangdek tuyiladi. Niqoblar kolleksiyasi, xonaki yorug‘lik va makonning sahnaviy ko‘rinishi kutilmaganda festivalimizning tabiiy davomiga aylandi. Hatto zinapoya yonidagi teatrlashtirilgan ulkan qo‘g‘irchoqlar ham xuddi mehmonlarni kutib olayotgandek kayfiyat bag‘ishlaydi”, — deydi Oksana Seredyuk.
Bu galgi festivalda O‘zbekistondan 20 nafar usta, shuningdek, Qozog‘iston va Belarus vakillari ishtirok etmoqda. Qatnashchilar orasida ipdan to‘qilgan multfilm qahramonlari — jajji hayvonchalari bilan Anna Kravchenko; balet, maktab va milliy liboslardagi paxtadan yasalgan o‘g‘il va qiz bolalar figuralari bilan Natalya Lipay; jundan tayyorlangan abstrakt shakllar va fantastik qahramonlar bilan Yelena Shvedchikova; to‘rli ko‘ylak kiygan polimer qo‘g‘irchoqlari bilan Tamara Yugay va boshqa ko‘plab ijodkorlar bor.
“Bu yilgi festivalning bosh mavzusi yozga sayohat bo‘ldi. Har bir stol yonida retro uslubidagi kichik chemodan turibdi. Ichida kiyim-kechak yoki suvenirlar o‘rniga ustalarning xotira uyg‘otuvchi buyumlari: eski fotosuratlar, sevimli gullar, o‘yinchoqlar va ularning qo‘g‘irchoqlar olami qanday yaratilgani haqida so‘zlovchi turli mayda-chuydalar joy olgan”, — deydi Olga Tomling.
Tashrif buyuruvchilar shoshilmasdan bir stoldan boshqasiga o‘tib, hayratlanarli darajada mayda detallarigacha ishlangan asarlar qarshisida uzoq vaqt qolib ketmoqda. Kimdir kichkina tugmachalar va kashtalarni ko‘zdan kechirish uchun o‘yinchoqlarni ehtiyotkorlik bilan qo‘liga olayotgan bo‘lsa, yana kimdir ustalardan ular foydalangan texnika va materiallar haqida so‘rab-surishtirmoqda. Bolalar esa tinmay ota-onalarini eng g‘ayrioddiy va yorqin qahramonlar tomon yetaklamoqda.
Stollardan birida ajdarholar, qarg‘alar, boyo‘g‘lilar, mushuklar, ko‘rshapalaklar va sehrli mavjudotlardan iborat butun bir o‘rmon olami joy olgan. “Daraxt qalblari shiviri” deb nomlangan ushbu olamni er-xotin Oksana va Aleksandr Seredyuk yaratgan. Bu yerdagi har bir qahramonning o‘z xarakteri va vazifasi bor.
Yon atrofda esa butunlay boshqacha — yumshoqqina, matoli va uy shinamligini beruvchi kayfiyat hukmron. Regina Xalitovaning stoli yonida, ayniqsa, bolalar tez-tez to‘xtab qolmoqda. Ularning e’tiborini harakatlanuvchi oyoq-qo‘llari va boshiga ega teddi uslubidagi o‘yinchoqlar — ayiqchalar, quyonlar, sichqonlar, o‘rdakchalar o‘ziga tortadi. Ular mo‘ynali matodan tikilgan va ichiga yog‘och qirindilari to‘ldirilgan bo‘lib, shu sababli o‘z shaklini yaxshi saqlaydi va ushlaganda vazni yoqimli ekani seziladi.
“Uyda ishlaganingizda, odatda, faqat xaridorlarning fikrlarini o‘qiysiz. Bu yerda esa odamlarning tuyg‘ularini — o‘yinchoqlarni tomosha qilayotib qanday tabassum qilayotganlarini, ularda o‘zlariga tanish bo‘lgan nimanidir tanishayotganini darhol kuzatish mumkin. Insonlarning jonli aks-sadosini ko‘rish va ishing ularda iliq tuyg‘ular uyg‘otayotganini his qilish, ehtimol, eng yoqimlisidir”, — deydi Regina.
Texnikalarning xilma-xilligini Qozog‘istonning ASIADOLL qo‘g‘irchoqsozlar hamjamiyati stendida ko‘rish mumkin. Uning a’zolari festivalga ketma-ket ikkinchi yil kelmoqda. Ustalar “Yozga yo‘l” mavzusini turlicha ochib bergan: kimdadir yoz qishloq va sigir boqish bilan bog‘lansa, boshqasida — dengiz, uchinchisida esa — uy shinamligi bilan gavdalanadi. Ijro uslublarining turlichaligi ham shundan — pape-mashe va polimer loydan yasalgan qo‘g‘irchoqlar tekstil, mo‘yna va to‘qilgan qahramonlar bilan yonma-yon joy olgan.
Makonning bir qismi D’Ameli Art Doll Gallery asoschisi Nataliya Shutovaning shaxsiy kolleksiyasi ko‘rgazmasi uchun ajratilgan. Bu yerda rossiyalik va yevropalik ustalarning kolleksion qo‘g‘irchoqlari, shuningdek, mahalliy mualliflarning ishlari taqdim etilgan.
Festivalda o‘nlab mualliflik qo‘g‘irchoqlari va o‘yinchoqlari orasida sayr qilishdan tashqari, teatrning birinchi qavatida figuralar, shamlar va chiroqlarni bo‘yash bo‘yicha mahorat darslarida ham ishtirok etish mumkin. Tashrif buyuruvchilar soat 12:00 dan 19:00 gacha kelishi mumkin. Kirish bepul.
Source: www.gazeta.uz