Toshkent metropoliteni ijtimoiy tarmoqlarda poyezd vagonida poverbankdan tutun chiqqani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, tutun texnik nosozlik tufayli yo‘lovchining mobil qurilmasidan chiqqan.
Hodisa 7-iyun kuni taxminan soat 9:15 da “Rohat” bekatidan “Olmos” bekati tomon harakatlanayotgan 85-sonli poyezd vagonlaridan birida yuz bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, texnik nosozlik sababli yo‘lovchiga tegishli bo‘lgan mobil qurilma tutashni boshlagan. Shundan so‘ng u vagon poliga tashlab yuborilgan.
Metropoliten xodimlari vaziyatni zudlik bilan nazoratga olgan va keyingi bekatda ushbu buyumni poyezddan olib tashlashgan, deyiladi xabarda.
Korxona ma’muriyati ushbu hodisa poyezdlar harakati xavfsizligiga ta’sir qilmaganini va yo‘lovchilar uchun jiddiy xavf tug‘dirmaganini ta’kidladi. Poyezdlar jadvalga muvofiq harakatlanishda davom etgan.
Ushbu voqea munosabati bilan yo‘lovchilardan poverbank va litiy-ionli akkumulyatorli boshqa elektron qurilmalardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, shuningdek, texnik nosozlik belgilari bo‘lgan qurilmalardan foydalanmaslik so‘raldi.
Source: www.gazeta.uz