Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar Nazar “Sening yoshliging menda bo‘lsaydi…” loyihasida o‘z bolaligi va yoshligi haqida samimiy hikoya qildi. U 1974-yilda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi Do‘ng qishlog‘ida tug‘ilgan, Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.

Sanjar Nazarning so‘zlariga ko‘ra, bolalikni ikki xil ko‘rish mumkin: hozirgi aql bilan tahlil qilish yoki o‘sha davrdagi hissiyotlarni qayta tiklash. Uning uchun bolalik “eng, eng, eng” – eng samimiy, eng baxtli va eng yorqin davr bo‘lgan. Ayniqsa, kitob o‘qishdan olgan taassurotlari uning hayotida muhim o‘rin tutgan.

U yoshligida qishloqda mehnat qilgan, besh-olt yoshidan tom kurashgan, yer ag‘dargan, pichan yig‘gan. Oilada o‘qishga katta e’tibor berilgan, besh mingga yaqin kitobdan iborat kutubxona bo‘lgan. Otasi nemis tili mutaxassisi bo‘lib, bolalarni mutolaaga undagan.

Sanjar Nazar yoshlarga ilm egallashni tavsiya qiladi: “Agar kimdir hayotidan qoniqmasa, yechim – ilm. Pul, obro‘, mashhurlik uchun ham birinchi qadam ilm olishdir.” Uning fikricha, bolalikda sarflangan mehnat butun umr davomida meva beradi.

U yoshligida matnlarni uch takrorda yod olish qobiliyatiga ega bo‘lgan, Abdulla Oripovning “Yillar armoni” kitobini deyarli to‘liq yod olgan. Ammo bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmaganidan afsusda: “O‘shanda hofizi qur’on bo‘lishim mumkin edi, lekin rag‘bat va yo‘naltiruvchi ustozlar bo‘lmadi.”

Oilada singdirilgan qadriyatlar – tozalik, yolg‘on gapirmaslik, birovning narsasiga tegmaslik – uning hayotida muhim rol o‘ynagan. Bir marta kolxoz bog‘idan dovuchcha terib kelganida, otasi uni brigadirning uyiga olib borib jazolagan. Bu voqea unga birovning haqqidan qo‘rqishni o‘rgatgan.

Uning orzusi jinoyatlarni ochish bo‘lgan, ammo otasining maslahati bilan filologiyaga kirgan. Filologiyani tanlaganidan afsuslanmagan, lekin ilm yo‘lida qolishni xohlagan. Hozirgi kunda noshirlikni “ilm hammolligi” deb ataydi va ilm odami bo‘lishni afzal ko‘rardi.

Sog‘liq haqida gapirganda, u ovqatlanish madaniyatidagi muammolarni tilga oladi: “O‘g‘il bolasan, yeb qo‘y” degan qarashlar tufayli ortiqcha vazn paydo bo‘lgan. Uning fikricha, dasturxon “kulti” ocharchilikni boshidan kechirgan xalqlarga xos bo‘lib, bu ruhiy aynishning bir turi.

Sanjar Nazar yoshlarga intizomli bo‘lishni tavsiya qiladi: “Iste’dod bilan amalga oshmagan ishlar intizom bilan amalga oshadi.” Uning o‘zi yoshligida juda mehnatkash bo‘lgan, darsliklarni oy tugamasdan o‘qib tugatgan.

Source: www.gazeta.uz