Toshkent hayvonot bog‘ida bir erkak va qizaloq oq sherlar Jonni va Naomining jahlini chiqarishga urinishgani kuzatuv kameralariga tushib qoldi. Hayvonot bog‘i ma’muriyati dastlab hodisa aks etgan videoni e’lon qilgan, biroq keyinroq uni olib tashlashgan.
Videoda erkak idishdagi suvni og‘ziga olib, to‘siq tomonga purkayotgani, undan keyin qizaloq ham shunday qilgani ko‘rinadi. Yo‘lovchilardan biri ularga tanbeh berganida, erkak keskin munosabat bildirgan.
Hayvonot bog‘i xabarida ta’kidlanishicha, “bizning jonivorlarimiz ham barcha tirik mavjudotlar kabi qo‘rquv, stress va noqulaylikni his qiladi. Bolalarga mehr-oqibat, mas’uliyat va tabiatga ehtiyotkor munosabatni, avvalo, kattalar o‘rnak bo‘lib o‘rgatadi”.
Ma’muriyat jonivorlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish har bir tashrif buyuruvchi uchun odatiy xulq-atvor me’yori bo‘lishiga umid bildirgan. Shuningdek, aksariyat tashrif buyuruvchilar o‘zini to‘g‘ri tutishini qayd etishgan.
Hayvonot bog‘i bilan bog‘langan erkak qilgan ishi noto‘g‘ri ekanini tan olib, “bunday xatti-harakat mutlaqo nomaqbul bo‘lib, hayvonga stress yetkazgan bo‘lishi mumkinligini” tushunganini aytgan.
Bu birinchi bunday holat emas: 2025-yil dekabr oyida ba’zi mehmonlar oq bengal va amur yo‘lbarslariga ichiga tosh solingan qor otgan bo‘lsa, 2024-yil mart oyida tashrif buyuruvchilar tashlagan ozuqa tufayli emu qushiga shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan edi.
Source: www.gazeta.uz