Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kianu Rivz 1964-yil 2-sentabrda Livanning Bayrut shahrida tug‘ilgan. Uning ijodiy yo‘li teatr sahnasidan boshlangan — 15 yoshida “Romeo va Juletta” spektaklida rol o‘ynagan. Keyinchalik u reklama roliklarida suratga tushib, hatto muxbir sifatida ham ishlagan.

1986-yil uning kinodagi debyuti bo‘ldi: “Youngblood” filmi va “Daryo yoqasida” (“River's Edge”) kinokartinasi bilan ekranlarga chiqdi. Bu rollar unga katta shuhrat keltirmagan bo‘lsa-da, kelajakdagi muvaffaqiyatga zamin yaratdi.

1989−1991-yillarda Rivz “Bill va Tedning ajoyib sarguzashtlari” va uning davomi “Bill va Tedning yangi sarguzashtlari” filmlarida suratga tushib, komedik obrazda tomoshabinlar qalbidan joy oldi. Bu rollar uning ko‘p qirrali aktyor ekanini ko‘rsatdi.

1991−1999-yillar aktyor uchun eng samarali davr bo‘ldi: “To‘lqinlar bag‘rida”, “Mening shaxsiy Aydaho shtatim”, “Drakula”, “Tezlik” va “Matritsa” kabi filmlar uning nomini jahon kinosiga mustahkam o‘rnatdi. Ayniqsa, “Matritsa”dagi Neo roli uni butun dunyoga tanitdi.

2003-yilda “Matritsa”ning ikkinchi va uchinchi qismlari — “Qayta yuklanish” va “Inqilob” ekranlarga chiqdi. 2006-yilda esa “Ko‘l bo‘yidagi uy” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “47 Samuray”, “Ko‘cha qirollari”, “Professional” kabi loyihalar ham muvaffaqiyat qozondi.

2020−2023-yillarda aktyor “Matritsa-4: Qayta tirilish” va “Jon Uik” franshizasining to‘rtinchi qismida yana tomoshabinlarni xursand qildi. Uning ekrandagi har bir chiqishi shov-shuvga aylanadi.

Kianu Rivz nafaqat iste’dodi, balki kamtarligi va xayrixohligi bilan ham tanilgan. U ko‘plab xayriya tadbirlarida ishtirok etadi va muxlislariga doimo iliq munosabatda bo‘ladi. Bugun uning tug‘ilgan kuni munosabati bilan “Gazeta” aktyor ijodiga oid test tayyorladi.

Source: www.gazeta.uz