Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan artisti, teatr, kino va dublyaj aktrisasi Yodgora Ziyamuhamedova 74 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi va Kinoarboblar ijodiy uyushmasi axborot xizmatlari ma’lum qildi.

Yodgora Ziyamuhamedova 34 yildan ortiq O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida samarali ijod qilib, sahnada 100 ga yaqin turli obrazlarni yaratgan. Uning “Qizil shapkacha”dagi Qizil shapka, “Zumrad va Qimmat”dagi Qimmat, “Farzandim jigarbandim”dagi Sanobar, “Sening taqdiring”dagi Nazira, “Yarash-yarash”dagi Pokiza, “Burgut”dagi Gulnur, “Birinchi muallim”dagi Oltinoy kabi rollari tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan.

Aktrisa televideniye va kino sohasida ham samarali ijod qilgan. U ayniqsa bolalar uchun mo‘ljallangan “Oqshom ertaklari” ko‘rsatuvini 25 yil davomida olib borib, bir necha avlodning sevimli suyukli qahramoniga aylangan.

Yodgora Ziyamuhamedova o‘zining yorqin iste’dodi, samimiy ovozi va bolalarga bo‘lgan mehr-muhabbati bilan xalq xotirasida abadiy qoladi. Madaniyat vazirligi va Kinoarboblar ijodiy uyushmasi uning oilasi va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirgan.

Source: www.gazeta.uz