Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

19-sentabr kuni Istanbul shahrida O‘zbekiston fuqarosi Mohirano Meliyeva farmatsevtik vositadan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayol kasallik davrida uy sharoitida norasmiy shifokorlar ko‘magida davolangan. Bu jarayonda qabul qilingan dori vositalarining nojo‘ya ta’siri natijasida uning ahvoli og‘irlashib, qonida infeksiya rivojlangan va organizmida kuchli reaksiya kuzatilgan.

Shunga qaramay, u o‘z vaqtida shifoxonaga olib borilmagan va uy sharoitida davolash davom ettirilgan. Bemorning ahvoli jiddiy tus olgach, u dastlab Marmara shifoxonasiga olib borilgan. Mazkur tibbiyot muassasasida bemorni jonlantirish bo‘limiga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagach, ayol Kartal tumani shifoxonasiga ko‘chirilgan.

Shifokorlarning muolajalariga qaramay, ayolning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Marhumaning jasadi Bosh konsulxona hamda O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamkorligida vatanga qaytarildi.

Bosh konsulxona Turkiya hududida bo‘lib turgan vatandoshlarni o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi. “Dori vositalari va preparatlarni shifokor tavsiyasisiz qabul qilmaslik, norasmiy va tegishli malakaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan davolanishdan saqlanish tavsiya etiladi. Sog‘liq holati keskin yomonlashgan taqdirda, vaqtni boy bermasdan, rasmiy tibbiyot muassasalariga murojaat qilish zarur”, — deyiladi konsullik xabarida.

Source: www.gazeta.uz