Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik poygachi Ismoil Ahmedxo‘jayev Belgiyaning Spa-Frankorsham trassasida o‘tkazilgan Ultimate Cup Series avtopoygalari seriyasining to‘rtinchi bosqichida g‘alaba qozondi. Bu haqda Gazeta’ga Rossa Racing jamoasi xabar berdi.

Ismoil Ahmedxodjayev Rossa Racing jamoasi safida Rossa LM GT avtomobilida ishtirok etdi. U va uning jamoadoshi, rossiyalik Roman Rusinov bittadan poygada qatnashdi. Birinchi poygada Rusinov UCS2 toifasida ham, umumiy hisobda ham g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi poygada esa Ahmedxodjayev o‘z toifasida birinchi bo‘lib marraga yetib keldi.

Quruq trassada o‘tkazilgan saralash bosqichida Rossa Racing jamoasi poygalarni birinchi o‘rinlardan boshlash huquqini qo‘lga kiritdi. Poyga kuni yomg‘ir yog‘ib, trassa holati bir necha bor o‘zgardi. Bosqich yakunlariga ko‘ra, jamoa ikki marta shohsupaga ko‘tarildi. Bunda o‘zbekistonlik poygachining g‘alabasi ham muhim o‘rin tutdi.

“Spa — texnik jihatdan juda murakkab trassa. Ayniqsa, ob-havo doimiy o‘zgarib turganda har bir aylana to‘liq diqqatni talab qiladi. Shu bois jahon avtosportidagi eng mashhur trassalardan birida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilish va O‘zbekistonni bunday darajada namoyon etish ayniqsa quvonarli. Butun jamoaga mehnati uchun, Romanga esa ushbu poyga dam olish kunlari uchun rahmat”, — dedi Ismoil Ahmedxodjayev.

Xabarda qayd etilishicha, iyul oyida Rusinov va Ahmedxodjayev ekipaji Italiyadagi Mudjello avtodromida Yevropadagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgan edi.

Ultimate Cup Series — Yevropada o‘tkaziladigan avtopoygalar seriyasi. Ultimate GT Sprint Cup bosqichi formati bir yoki ikki nafar poygachidan iborat ekipajlar ishtirokida 35 daqiqadan davom etadigan ikkita poygani nazarda tutadi.

Yanvar oyida Ismoil Ahmedxodjayev Rossa Racing jamoasi safida 24 soatlik chidamlilik poygasi — 24H Dubai 2026 musobaqasida debyut qilgan edi. Jamoa GTX toifasida qariyb 12 soat davomida yetakchilik qildi, biroq marraga bir necha soat qolganda poygani tark etdi. Gazeta o‘shanda musobaqadan fotoreportaj e’lon qilgan edi.

Source: www.gazeta.uz