Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislar yettita yirik brendga tegishli boʻlgan smartfonlar orasida maʼlumot koʻchirish ilovalarida shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash imkonini beruvchi xavfli zaifliklar mavjudligini aniqlashdi. Ushbu kamchiliklar orqali yaqin atrofdagi begona shaxslar foydalanuvchilarning suratlari, shaxsiy xabarlari hamda maxfiy parollarini osongina tutib olishi mumkin boʻlgani maʼlum qilindi.

Avstriyadagi Grats universiteti huzuridagi axborot xavfsizligi instituti hamda Xavfsiz axborot texnologiyalari markazi tadqiqotchilari mazkur yettita brend ilovalarini chuqur tekshiruvdan oʻtkazishdi. Ushbu tekshiruv natijalari nufuzli ESORICS 2026 xalqaro kompyuter xavfsizligi simpoziumida keng jamoatchilikka taqdim etildi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday ilovalar odatda eski smartfondagi barcha maʼlumotlarni yangi qurilmaga simsiz tarzda oʻtkazish uchun ishlatiladi va bu jarayonda telefonlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri Wi-Fi aloqasi oʻrnatiladi.

Oʻtkazilgan tajribalar davomida aynan shu maʼlumot uzatish jarayonidagi himoya qatlamining zaifligidan foydalanib, axborotni toʻliq tutib olish yoki jarayonga aralashish mumkinligi amalda koʻrsatib berildi. Tadqiqotchilarning soʻzlariga koʻra, buning uchun simsiz tarmoq taʼsir doirasida, yaʼni taxminan 20–45 metr masofada boʻlish hamda qiymati 100 yevrodan ham past boʻlgan oddiy uskunadan foydalanishning oʻzi yetarli boʻlgan.

Sinov jarayonida mutaxassislar SMS-xabarlar, kontaktlar, shaxsiy suratlar, salomatlikka oid maxfiy maʼlumotlar, ilovalarda saqlangan parollar va hatto Wi-Fi tarmoqlari kalitlariga muvaffaqiyatli kirishga erishishdi. Ayrim holatlarda esa koʻchirilayotgan ilovalarning oʻrnatish fayllarini ataylab almashtirish va yangi smartfonga xavfli zararli dasturlarni kiritish imkoniyati ham aniqlangan.

Ushbu xavf odatdagi kundalik foydalanish holatlariga taalluqli boʻlmay, faqatgina aynan shu zaif ilovalar orqali maʼlumot koʻchirish jarayonida yuzaga kelishi qayd etildi. Shuningdek, xaridorlarga yangi telefonni sozlash va maʼlumotlarni oʻtkazish xizmatlari koʻrsatiladigan yirik elektronika doʻkonlari hamda aloqa salonlarida bu kabi xavfsizlik masalalari oʻta dolzarb ekani taʼkidlandi.

Tadqiqotchilar oʻz natijalarini rasman eʼlon qilishdan avval tegishli kompaniyalarni oʻz vaqtida xabardor qilib, zarur himoya yangilanmalarini tayyorlash uchun yetarli vaqt berishgan. Shundan soʻng ishlab chiqaruvchilar tomonidan aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan va mutaxassislar foydalanuvchilarga maʼlumot koʻchirishdan oldin barcha tizimlarni yangilashni tavsiya qilishgan.

Source: kun.uz