Baʼzi qamoqxonalarning devorlari gʻishtdan quriladi, boshqalari эsa insonlarning xohishi, buyrugʻi va qoʻrquvi asosida tiklanadi. Mashhur yozuvchi Ivan Turgenevning «Mumu» asarida ana shunday maʼnaviy qamoqxona va uning qurbonlari haqida hikoya qilinadi. Asar markazida jismonan favqulodda baquvvat, mehnatsevar, ammo taqdiri boshqalarning qoʻlida boʻlgan kar va soqov Gerasim obrazi turadi. Uning eng katta muammosi eshitmasligi emas, balki hayotini oʻzi hal qilolmasligidir.
Asar qahramoni oʻz qishlogʻida yer haydab, tinchgina kun kechirib yurgan edi. Biroq uni zoʻrlik bilan Moskvaga olib kelib, badavlat xonimning hovlisiga xizmatkor qilib qoʻyishadi. Gerasim yangi muhitga moslashishga urinadi, oʻz ishini sidqidildan bajaradi, ammo oʻsha rasvo jamiyat jimlikni zaiflik deb bilib, uning huquqlarini poymol qiladi. Xonimning qoʻl ostidagi boshqa kishilar ham oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqidan mahrum edi.
Xususan, Gerasim Tatyana ismli kir yuvuvchi ayolni yoqtirib qoladi, biroq xonim hech qanday izohsiz uni boshqa erkakka turmushga chiqishga majbur qiladi. Bu holat jamiyatdagi mutlaq qaramlik va shaxsiy erkinlikning yoʻqligini yaqqol koʻrsatadi. Xonim atrofidagilarning hayotiga aralashishni oʻzining tabiiy huquqi deb bilib, boshqalarning hissiyotlarini butunlay mensimaydi.
Keyinchalik Gerasim suvga choʻkayotgan kuchukchani qutqarib qoladi va unga Mumu deb ot qoʻyadi. Ushbu mitti jonivor uning uchun chinakam dunyoga aylanadi, chunki Mumu bilan muloqot qilish uchun soʻz kerak emasdi. Gerasim birinchi marta oʻzini kimgadir kerakligini his qiladi. Biroq xonimning asabiga tekkan bu kuchukcha oxir-oqibat fojiali taqdirga duchor boʻladi, chunki jamiyatda zaiflarning quvonchiga ham oʻrin yoʻq edi.
Source: kun.uz