Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kundalik hayotda tezroq qadam tashlash o'lim xavfining pastroq bo'lishi bilan bog'liqligi aniqlangani aytilmoqda. To'rt mingdan ortiq odam ishtirok etgan tadqiqotda odatiy yurish surʼatining daqiqasiga 10 ta qadamga yuqori bo'lishi barcha sabablardan o'limning nisbiy xavfi 17 foiz pastligiga mos kelgani taxmin qilinmoqda. Bu bog'liqlik yosh, turmush tarzi va salomatlikka oid boshqa omillar hisobga olinganidan keyin ham saqlangani iddao qilinmoqda.

Insonning salomatligi haqida faqat tibbiy tekshiruvlar emas, uning kundalik harakatlari ham maʼlumot berishi mumkinligi taʼkidlanmoqda. Xalqaro tadqiqotchilar guruhi bilakka taqiladigan datchik orqali qayd etilgan qadamlar chastotasi o'lim xavfini baholashda klinikadagi qisqa yurish testiga yaqin natija berishini ko'rsatganini aytishmoqda. Ushbu natijalar JAMA Network Open jurnalida eʼlon qilingan.

Tadqiqotda Yevropaning yetakchi ilmiy muassasalari, jumladan Norvegiya fan va texnologiyalar universiteti, Fransiyaning Qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat va atrof-muhit milliy tadqiqot instituti hamda Buyuk Britaniyaning Lester universiteti vakillari qatnashgani maʼlum qilingan. Biroq, mutaxassislarning bu kabi kuzatuvlari qanchalik universal ekanligi ko'plab savollarni tug'dirmoqda, chunki har birturning turmush tarzi turlicha.

Tahlilga Buyuk Britaniyadagi Whitehall II loyihasining 4067 ishtirokchisi kiritilgan bo'lib, o'lchovlar o'tkazilganda ularning o'rtacha yoshi 69,3 yoshni tashkil etgan. Ishtirokchilarning 74,4 foizini erkaklar tashkil etgani qayd etilgan. Ishtirokchilar to'qqiz kun davomida bilagiga akselerometr taqib yurgan va bu orqali kundalik harakatlar baholangani aytilmoqda.

Source: kun.uz