Britaniya va Irlandiya hayvonot bog‘lari hamda akvariumlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan BIAZA 2026 fototanlovi o‘zining g‘olib va sovrindorlarini e’lon qildi. Ushbu nufuzli ijodiy musobaqada 800 dan ortiq suratlar taqdim etilib, tabiat va hayvonot olmining eng qiziqarli lahzalari muhrlandi.
Tanofvning «Sutemizuvchilar» yo‘nalishida fotograf Tomas Xarris tomonidan muhrlangan kadr bosh mukofotga loyiq topildi. Suratda Kolçester zoologiya jamiyati qaramog‘idagi Opal laqabli urg‘ochi Afrika filining yomg‘irli kunda loy vannasidan zavqlanayotgan vaqti aks etgan bo‘lib, bu jarayon hayvonlarning tabiiy xatti-harakatlarini yaqqol ko‘rsatib berdi.
Shuningdek, musobaqada boshqa qator ajoyib ishlar ham e’tirof etildi. Jumladan, Norfolk grafligidagi Uatatunga qo‘riqxonasida ayozli tongda suratga olingan grifsimon sesarka qushi, sirli nigohli baliqlar va aktiniya paypaslagichlari orasiga yashiringan mitti krab aks etgan kadrlar hakamlar e’tiborini qozondi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bunday tabiat suratlari insonlarni biz bilan bir sayyorada yashaydigan jonzotlarga diqqat bilan nazar tashlashga undaydi. Kundalik hayotda e’tibordan chetda qoladigan mayda tafsilotlar fotograflar obyektivida butunlay boshqacha ko‘rinish kasb etmoqda.
Source: kun.uz