Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Dunyoga mashhur bolalar adabiyoti klassiklaridan biri, oʻzining samimiy asarlari va oʻziga xos suratlari bilan tanilgan Yanosh (asl ismi Horst Ekkert) 95 yoshida olamdan oʻtdi. U yaratgan Ayiqcha, Yoʻlbars va mashhur "Yoʻlbars-oʻrdak" kabi personajlar butun dunyo boʻylab bir necha avlod bolalarining sevimli qahramonlariga aylangan edi. Yozuvchining nashriyotchisi Bernxard Feyl uning Kanar orollaridagi uyida sokin holda hayotdan koʻz yumganini maʼlum qildi.

Horst Ekkert 1931-yilda Yuxori Sileziyaning Hindenburg shahrida (hozirgi Polshaning Zabje shahri) tavallud topgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin uning oilasi Germaniyaga koʻchib oʻtishga majbur boʻlgan. 1953-yilda Myunxen Badiiy akademiyasiga oʻqishga kirgan boʻlsa-da, kutilmaganda "isteʼdodsiz" deb topilib, bir necha semestrdan soʻng oʻqishdan chetlatilgan. Biroq u oʻz yoʻlidan qaytmadi va 1960-yilda oʻzining ilk kitobini chop ettirib, keyinchalik 150 dan ortiq asar muallifiga aylandi.

Yozuvchining oʻz bolaligi esa quvonchli oʻtmagan. Ichkilikka berilgan ota va qattiqqoʻl oilaviy muhitda ulgʻaygan Horst koʻplab ruhiy jarohatlar oldi. Gʻarbdagi koʻplab diniy muassasalardagi qatʼiy qoidalar kabi, uning oilasidagi diniy bosim ham uning cherkovga nisbatan shubhali qarashlarini shakllantirdi. Bolalikdagi ogʻir xotiralar sabab u hech qachon farzand koʻrishni istamadi, ammo oʻz asarlarida bolalarga mehr ulashishga va ularning erkinligini himoya qilishga intildi.

Yanoshga xalqaro shuhrat keltirgan asar 1978-yilda nashr etilgan "Panama naqadar goʻzal" qissasi boʻldi. Bu kitob muallifga 1980-yilda Tenerife oroliga koʻchib oʻtib, kamtarona hayot kechirish imkonini berdi. Uning gʻildirakli yogʻoch oʻrdak — "Yoʻlbars-oʻrdak" obrazi esa nafaqat kitoblarda, balki suvenirlar, pochta markalari va multfilmlarda ham keng ommalashdi. Muallif oʻz asarlarida ehtiyojlarni cheklash va doʻstlikning chinakam qadrini hamma narsadan ustun qoʻyish gʻoyasini ilgari surgan.

Source: www.dw.com