Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ O‘zbekiston Prezidentining 24-fevraldagi farmoniga muvofiq, 2027-yildan boshlab mamlakatda quriladigan barcha yangi ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari va xonadonlarida zamonaviy elektron ichimlik suvi hisoblagichlarini o‘rnatish majburiy etib belgilandi. Bu qaror amaldagi texnik reglamentlarga muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan hisoblagichlarga nisbatan qo‘llaniladi.

️ Chorani amalga oshirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul etib tayinlandi. 2026-yilgi davlat dasturida 305 mingdan ortiq suv hisoblagichlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

️ 2025-yilning iyul oyida Toshkentda turar joy binolarida ichimlik suvini hisobga olish va nazorat qilishning “aqlli” jihozlarini ommaviy o‘rnatish boshlangandi. “Toshkent shahar suv ta’minoti” kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha Shayxontohur tumanidagi ikki yillik pilot loyihasidan so‘ng amalga oshirildi. O‘tgan yili 50 mingta shunday hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lsa, 2030-yilgacha 670 mingta o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

️ O‘tgan yilning may oyida “Texnopark” kompaniyasi (ulushi Toshkent shahri hokimligiga tegishli, biroq korxonaning o‘zi boshqa xususiy kompaniya boshqaruviga berilgan) AKFA BUILD kompaniyasining Avstriyaning Diehl Metering kompaniyasi bilan birgalikda Osten suv hisoblagichlarini ishlab chiqarishni boshlaganini ma’lum qilgandi.

️ Shu bilan birga, “Eko Nom” va “Novator” markali suv hisoblagichlarining sertifikat muddati tugagani sababli ularni o‘rnatishga ruxsat berilmagan. Bunda “O‘zsuvta’minot” kompaniyasi ilgari o‘rnatilgan va plombalangan ushbu markadagi hisoblagichlardan foydalanishda davom etish mumkinligini tushuntirgan.

️ “Aqlli” suv hisoblagichlarini o‘rnatish Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Toshkent shahri ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida bajarilmoqda.

Source: www.gazeta.uz