Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Toshkent shahrida voyaga yetmagan bola mashina boshqarib, Yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimlaridan qochishga urindi. Jarayonda u yo‘lning qarama-qarshi tarafida harakatlanib, Cobalt avtomobiliga urildi. Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha xizmat (YHXX) ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi va uning yo‘ldoshlari keyinchalik ushlangan.

️ 1-mart kuni soat 01:10 da Chilonzor tumanida o‘tkazilgan reyd davomida davlat raqam belgisi bo‘lmagan Lacetti avtomobili katta tezlikda harakatlanayotgani aniqlangan. YPX xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talablariga haydovchi bo‘ysunmagan, aksincha tezlikni oshirib, harakatni davom ettirgan. Bu harakat yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgan, shuningdek haydovchi Kichik halqa avtomobil yo‘li va Do‘mbirobod ko‘chasi bo‘ylab yashirinishga uringan.

️ Qochish davomida haydovchi boshqa avtomobil bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi (YTH) joyini tark etgan va harakatni davom ettirgan. Ko‘rilgan choralar natijasida avtomashina Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasida to‘xtatilgan. Avtomobil salonida ikki nafar voyaga yetmagan va bir nafar voyaga yetgan fuqaro bo‘lgan. Haydovchi 2009-yilda tug‘ilgan o‘smir bo‘lib chiqdi.

️ Ma’lum bo‘lishicha, o‘smir otasiga tegishli bo‘lgan avtomobilni ruxsatsiz olgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan, to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Yunusobod tuman prokuraturasiga yuborildi.

️ Eslatib o‘tish kerakki, yaqinda Toshkentda o‘smir boshqaruvidagi BMW M4 avtomobili urib yuborishi oqibatida YHXB yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarov halok bo‘lgan edi. Gazeta xabar qilganidek, BMW M4 rulida 16 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lgan, u avtomobilni olib qochish va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda gumonlanmoqda.

Source: www.gazeta.uz