O‘zbekiston va Yaponiya transport vazirliklari o‘rinbosarlari o‘rtasidagi uchrashuvda, Yaponiyaning Toshkentni yangi xalqaro aeroport bilan metro va temiryo‘l orqali bog‘lash loyihasida qatnashishi mumkinligi muhokama qilindi. Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralar davomida transport infratuzilmasini rivojlantirish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, Yangi Toshkent va Toshkent shahri hududlarini yangi aeroport bilan temiryo‘l, yer osti hamda yer usti metro liniyalari orqali bog‘lash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, Toshkent—Samarqand tezyurar temiryo‘l liniyasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchi va yuk tashish harakatini samarali tashkil etish uchun rels infratuzilmasini ajratish, shuningdek transport sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari haqida fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil mustahkamlashga tayyor ekanligini qayd etdi. Bu kelishuvlar Yaponiyaning Sojitz savdo uyi orqali loyihaga “o‘nlab milliard iyena” sarmoya kiritishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Yangi Toshkent xalqaro aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida 1300 gektar maydonda quriladi, qurilish 2025-yil oktabr oyida boshlangan. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi, bunda Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon International Airport Corporation (Koreya Respublikasi) xususiy sheriklar sifatida ishtirok etadi.
Aeroport qurilishi multimodal transport markazini rivojlantirishning bir qismi bo‘lib, u Toshkent—Samarqand, Toshkent—Andijon va Toshkent—Bo‘stonliq avtomagistrallari bilan bevosita bog‘lanadi. Bu yerda tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan zamonaviy temiryo‘l vokzali qurilishi kutilmoqda, Toshkent va Yangi Toshkent markazlari esa shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev keyinroq yangi aeroportgacha metro liniyasi qurish rejalarini ma’lum qilib, “Bu Toshkent va Toshkent viloyati chorrahasidir. Maksimal 25 daqiqada yetib borish mumkin—atigi 24 km. Shattl-bas tashkil qilamiz, kelajakda, Xudo xohlasa, metro ham quramiz” dedi.
Source: www.gazeta.uz