O‘zbekiston Migratsiya agentligi Bolgariya bilan birgalikda o‘zbekistonlik fuqarolarni transport-logistika sohasida ishga joylashtirish va kasbiy tayyorlashga qaratilgan pilot loyihani boshlashga qaror qildi. Agentlik rahbari Behzod Musayev Bolgariya avtotransportchi palatasi (CBRH) boshqaruv kengashi raisi Petko Angelov bilan uchrashuv o‘tkazib, ushbu hamkorlikning tafsilotlarini muhokama qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarini Bolgariyada tashkiliy tartibda ishga joylashtirish, ularni tayyorlash jarayonlari hamda litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Bolgariya tomoni transport va logistika sohasida diagnostik uskunalar va elektron tizimlar bilan ishlaydigan mexanik va texnik mutaxassislarga ehtiyoj borligini bildirdi.
Bolgariya tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, qisqa adaptatsiya kurslaridan o‘tgan mutaxassislar malakasi va vazifasiga qarab oyiga 2500 yevrogacha maosh olishlari mumkin. Shuningdek, haydovchilar uchun Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq tayyorgarlikdan o‘tish muhimligi ta’kidlandi. Muzokaralar yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirish, pilot loyihani ishga tushirish va maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Bu tashabbus 2025-yil iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Prezidenti Rumen Radev o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda. O‘sha uchrashuvda Sofiyada O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish va ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqilgan edi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning xorijiy mehnat bozoriga integratsiyasi doirasida avvalroq Qatarning Jusour kompaniyasi bilan ham kelishuv imzolangan edi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, mamlakatdagi vakansiyalar bazasi o‘zbekistonliklar uchun ochilib, nomzodlar 18-45 yoshda bo‘lishi va ingliz tilini kamida A2 darajada bilishi talab qilinadi. Arizalar Tawzeef platformasi orqali yuboriladi, tanlangan nomzodlar bilan uch tomonlama shartnoma tuziladi.
Source: www.gazeta.uz