Surxondaryo viloyati Uzun tumanida 4-mart kuni qayg‘uli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Surxon mahallasi hududida 28 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Nexia 2 avtomashinasi yo‘lni kesib o‘tayotgan 6 yoshli qizaloqni urib yubordi. Oqibatda jiddiy tan jarohatlari olgan bola vafot etdi.
Hodisadan so‘ng viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va tuman ichki ishlar bo‘limi mas’ullari Surxon mahallasidagi maktabda mahalla faollari va o‘quvchilar ota-onalari ishtirokida maxsus uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuvda yo‘llarda harakat xavfsizligi, ayniqsa bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish choralari muhokama qilindi.
Aholi tomonidan bildirilgan muammolar asosida Surxon mahallasi hududida ikkita baland piyodalar o‘tish joyi, maktab yaqinida tezlikni nazorat qiluvchi radar va ogohlantiruvchi yo‘l belgilari o‘rnatildi. Davlat ahamiyatiga ega D169 avtomobil yo‘lining 104-kilometrida piyodalar uchun yangi o‘tish joyi tashkil qilinib, yo‘l chiziqlari chizildi va yo‘l belgilari o‘rnatildi.
Shu yo‘lning 106-kilometrida joylashgan 27-maktab oldida ham o‘quvchilar xavfsizligi uchun baland piyodalar o‘tish joyi barpo etilmoqda. Bu chora-tadbirlar yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan bo‘lsa-da, mamlakatda yo‘l xavfsizligi muammolari jiddiy darajada saqlanmoqda.
O‘tgan yili O‘zbekistonda 9226 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 2188 kishi halok bo‘lgan va 8901 kishi jarohat olgan. Hodisalar sonining yil davomidagi kamayishi atigi 1 foizdan kamni tashkil etdi. Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, har 100 ming aholiga nisbatan halok bo‘lganlar soni 2021-yildagi 6,9 nafardan 2025-yilda 5,7 nafargacha pasaygan (-17%), ammo bu ko‘rsatkichlar hali ham yuqori darajada qolmoqda.
Source: www.gazeta.uz