Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev navbatdagi prezidentlik saylovlari 2029-yilda, Konstitutsiyada belgilangan muddatda o‘tkazilishini tasdiqladi. U 15-mart kuni bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendumdan so‘ng jurnalistlarga bergan intervyusida, ayrim ekspertlarning islohotni hokimiyat tranziti yoki saylovlarga tayyorgarlik deb hisoblashi haqidagi savolga javoban, saylovlar kutilganidek 2029-yilda bo‘lib o‘tishini aytdi.

Toqayev, shuningdek, yangi konstitutsiyada joriy etilgan vitse-prezident lavozimi atrofidagi bahslarga ham izoh berdi. U: “Vitse-prezident lavozimi atrofida turli gap-so‘zlar yurganidan xabarim bor. Haqiqatan ham, qator xorijiy mamlakatlarda bunday lavozim mavjud. Ayrim ekspertlar Qozog‘istonda go‘yoki hokimiyatdagi raqobat kuchayib, xavotirli tendensiyalar ortib borayotganini taxmin qilmoqda. Biroq buning jamiyatga salbiy ta’sir qilishi borasida xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q. Vitse-prezident lavozimining ta’sis etilishi davlat hokimiyati institutlarini mustahkamlaydi va bunga kelajakda ishonch hosil qilish mumkin bo‘ladi. Men prezident sifatida ushbu lavozimga, umuman, barcha islohotlarga katta umid bog‘layman”, dedi.

Konstitutsiyaviy islohotning tez sur’atda o‘tgani haqidagi savolga javoban, Toqayev yangi konstitutsiya g‘oyasi 2022-yildayoq paydo bo‘lganini va u ikki yil oldin ishga kirishganini aytdi. U: “Konstitutsiya ustida ishlash uzoq vaqt davomida olib borildi. Bilasiz, 2022-yilda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilgan edi. O‘shandayoq yangi konstitutsiyani qabul qilish mumkin edi, lekin biz bundan tiyildik. Va yangi konstitutsiya qabul qilish g‘oyasi tug‘ildi. Men taxminan ikki yil oldin ishga kirishgan edim”, deb ta’kidladi. Toqayev mamlakatga “yangi konstitutsiya kerak” deb hisoblaganini va bu “progressiv Qozog‘iston konstitutsiyasi” ekanligiga ishonch bildirdi.

Prezident avvalroq 2029-yilda davlat rahbari lavozimini tark etishini aytgan edi va bu qaror ham jamiyat talabi, ham shaxsiy tanloviga mos kelishini ta’kidladi. 15-mart kuni bo‘lib o‘tgan referendumda fuqarolar yangi konstitutsiya loyihasini qabul qilish yoki rad etish haqida ovoz berishdi. Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi saylovchilarning ishtiroki 73 foizdan oshganini va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zgartirishlarni fuqarolarning 87 foizdan ortig‘i qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qildi.

Qabul qilingan o‘zgartirishlar asosiy qonun matnining 84 foizini qamrab oladi, jumladan, vitse-prezident lavozimining joriy etilishi, bir palatali parlamentga o‘tish va yangi maslahat organi – Qozog‘iston Xalq kengashining tuzilishi. Yangi konstitutsiya 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi va 15-mart Konstitutsiya kuni deb e’lon qilindi. Islohot jarayoni Toqayevning 2025-yil sentabr oyidagi bir palatali parlamentga o‘tish tashabbusi bilan boshlangan va tez sur’atda amalga oshirildi.

Source: www.gazeta.uz