Afg‘oniston hukumati Pokiston harbiy kuchlarini dushanba kuni kechqurun Kobul shahrida joylashgan giyohvandlikka chalingan shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga havo hujumi uyushtirganlikda aybladi. Hukumat vakili Xamdulla Fitratning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotiga ko‘ra, taxminan 2000 o‘ringa mo‘ljallangan davolash muassasasi mahalliy vaqt bilan soat 21:00 atrofida o‘qqa tutilgan.
Fitratning yozishicha, kasalxonaning katta qismi vayron bo‘lgan va qurbonlar soni katta bo‘lishi mumkin. U: “Afsuski, hozircha halok bo‘lganlar soni 400 nafarga yetdi, yana 250 nafargacha kishi jarohat olgan”, deb e’lon qildi. BBC News tasvirga olish guruhi hujumdan keyin hali ham qisman yonib turgan ob’ektga borib, 30 dan ortiq jasad zambillarda olib chiqilayotganini ko‘rgan.
Pokiston Afg‘onistonning ayblovlarini keskin rad etib, ularni “yolg‘on va chalg‘ituvchi” deb atadi. Mamlakat axborot vaziri Attaulla Tarar X ijtimoiy tarmog‘ida yozganidek, 2026-yil 16-martga o‘tar kechasi Kobul va Nangarhorda amalga oshirilgan zarbalar aniq nishonlarga qaratilgan, puxta rejalashtirilgan va professional tarzda bajarilgan. Uning ta’kidlashicha, nishonlar orasida kasalxonalar, reabilitatsiya markazlari yoki fuqarolik obyektlari bo‘lmagan.
Tararning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar harbiy va terroristik infratuzilmaga, jumladan, o‘q-dori va texnik uskunalar omborlariga, shuningdek, Pokistonga qarshi dushmanlik faoliyati bilan bog‘liq boshqa obyektlarga qaratilgan. U, shuningdek, Kobuldagi zarbalardan keyin kuzatilgan ikkilamchi portlashlar u yerda yirik o‘q-dori omborlari bo‘lganini ko‘rsatishini aytdi. Bu holat ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz