Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi davlat organlariga mamlakatga qarshi joriy etilgan xalqaro sanksiyalar oqibatlarini minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishni topshirdi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari — Prezident administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mavjud vaziyat, joriy etilgan cheklovlarning xatarlari va ehtimoliy oqibatlari muhokama qilindi. Shuningdek, sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha davlat organlariga salbiy oqibatlarni minimallashtirish va Qirg‘iziston kompaniyalarini G‘arb davlatlarining sanksiya ro‘yxatlaridan chiqarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.

Qirg‘iziston Yevropa Ittifoqining ikkilamchi sanksiyalariga duchor bo‘lgan birinchi davlatga aylandi. O‘tgan hafta qabul qilingan sanksiyalarning 20-paketi doirasida YeI Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmini ishga soldi. Endilikda mamlakatga dasturiy boshqariladigan har qanday uskunalar va radioapparaturalarni eksport qilish taqiqlanadi.

YeI kengashi ta’kidlashicha, ushbu qaror Qirg‘iziston orqali Rossiyaga yuqori ustuvorlikka ega bo‘lgan ommaviy tovarlar reeksporti sezilarli darajada oshganini ko‘rsatuvchi savdo ma’lumotlarini sinchiklab tahlil qilish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan.

Source: www.gazeta.uz