Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketi doirasida ilk bor sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurash vositasini Qirg‘izistonga nisbatan qo‘llaganini “afsus bilan qabul qilganini” bildirdi.
Vazirlik bayonotida Qirg‘iziston tomoni sanksiya cheklovlari bilan bog‘liq xatarlarning birgalikda oldini olish masalalari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan ochiq, mas’uliyatli va konstruktiv muloqot olib borayotgani, manfaatlarni o‘zaro hisobga olish, shaffoflik va ishonch zarurligidan kelib chiqayotgani ta’kidlangan.
Shunga qaramay, yevropalik sheriklar bilan doimiy muzokaralar, tashriflar almashinuvi va Yevrokomissiya talablariga muvofiq barcha so‘ralgan hujjatlashtirilgan ma’lumotlar, jumladan, davlat organlari tomonidan ko‘rilgan choralar haqidagi ma’lumotlar o‘z vaqtida taqdim etilayotganiga qaramay, Qirg‘iziston pozitsiyasi haligacha inobatga olinmayotgani va e’tiborsiz qolayotgani jiddiy tushunmovchilik keltirib chiqarmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday bir tomonlama qarorlar nafaqat ikki tomonlama hamkorlik doirasida shakllanayotgan ishonch muhitiga putur yetkazadi, balki Yevropa Ittifoqining Qirg‘iziston va umuman Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaning barqaror rivojlanishi va sheriklikni mustahkamlash borasidagi niyatlariga zid keladi.
Qirg‘iziston xalqaro huquq normalariga va halol xalqaro hamkorlik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi, milliy qonunchilik va xalqaro majburiyatlari doirasida ish yuritadi. Shu munosabat bilan, Qirg‘iziston tomoni uchinchi davlatlarga nisbatan bir tomonlama cheklov choralarini qo‘llash amaliyotidan xavotir bildiradi.
Qirg‘iziston shaffof, professional va siyosiylashtirilmagan muloqot tarafdori ekanini bildirib, Yevropa Ittifoqini izchil, vazmin va konstruktiv yondashuv ko‘rsatishga, Qirg‘iziston pozitsiyasini hisobga olishga va muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarni amaliy ro‘yobga chiqarishga chaqirdi.
Source: www.gazeta.uz