Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Kaktus.media nashriga bergan intervyusida uning oilasi davlat ishlariga aralashmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, farzandlari, qarindoshlari va umuman oila a’zolari davlat boshqaruvida ishtirok etmaydi.

“Nafaqat farzandlarim, balki umuman oila a’zolarim va qarindoshlarimdan hech kim davlat ishlarida qatnashmaydi. Eng boshidanoq yaqinlarim va qarindoshlarimga: 'Oldingi prezidentlarning xatosini takrorlamaymiz', deb qat’iy aytganman”, — dedi prezident. Ehtimol, “oldingi prezidentlar” deganda u oila a’zolari amaldor va siyosatchi bo‘lgan, keyinchalik ag‘darilgan birinchi va ikkinchi prezidentlar — Asqar Akayev hamda Qurmonbek Bakiyevni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi Kloop.

Prezidentdan yaqinda kriptomilliarder Jastin San “Ala-Archa” tabiat parkiga tashrif buyurgani, kichik o‘g‘li ham unga hamrohlik qilgani, farzandlari davlat ishlariga jalb etilib-etilmagani haqida so‘raldi. Japarov kichik o‘g‘li Nurdoolot bilan vaqt o‘tkazish kamdan-kam nasib qilishini, shu sababli ba’zan unga hamrohlik qilishini aytdi. “Ingliz tilini yaxshi bilgani uchun tarjimonlik vazifasini ham bajaradi”, — dedi u.

Japarovning ta’kidlashicha, o‘g‘li davlat bilan bog‘liq hech qanday ishlarda ishtirok etmaydi va davlat muassasalari bilan biznes yuritmaydi. “Men aka-ukalarimni lavozimlarga yoki davlat idoralariga yaqinlashtirmayman. Buni ta’minlash uchun menda yetarlicha ta’sir kuchi va imkoniyatlar bor. Ularning hech biri davlat tuzilmalaridan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanmaydi. Ular foyda keltirishi mumkin, lekin zarar yetkazmaydi. Prezidentning o‘g‘li yoki biror qarindoshi u yoki bu davlat muassasasini egallab olganini hech qayerda eshitmagansiz va hech qachon eshitmaysiz ham. Ular xususiy biznes bilan shug‘ullanadi. Ilgari davlatni o‘zaro bo‘lib olishar va birgalikda talon-toroj qilishardi. Bu nimaga olib kelishini ko‘rdik”, — deya ta’kidladi Qirg‘iziston prezidenti.

Shuningdek, undan akasi Sabir Japarov atrofida turli bayonotlar, jumladan, “Qumtor” faoliyatiga aloqadorlik haqida gaplar yurgani va tarmoqlarda uning oltin bilan tushgan suratlari e’lon qilingani haqida izoh berish so‘raldi. “Bu shunchaki yolg‘on emas — bu 100 emas, balki 1000 foizli yolg‘on. Uning yagona o‘ylamay qilgan xatosi — Turkiyaga borib, oltinni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurgani va qo‘lida oltin bilan suratga tushgani bo‘ldi. Bu borada avval batafsil tushuntirish berganman, yana qaytarib o‘tirmayman”, — dedi Sadir Japarov.

Prezident o‘z qarindoshlari “davlat ishlarida” qatnashmayotganini ta’kidlar ekan, biroz mubolag‘a qilmoqda, deb ta’kidlaydi Kloop. Qayd etilishicha, u hokimiyatga kelganidan so‘ng uning ayrim qarindoshlari lavozimlarga ega bo‘lgan. Factcheck.kg nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, prezident Japarovning jami 11 nafar aka-ukasi va opa-singlisi bor, ulardan beshtasi tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.

2020-yil noyabr oyida “Unaa” davlat muassasasining yangi rahbari Japarovning qudasi Turusbek Tumonboyev ekani ma’lum bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay, Tumonboyev jurnalistik surishtiruv obyektiga aylangan. O‘sha paytlarda Davlat migratsiya xizmati rahbariyatiga tayinlangan Tashtanbek Kaymazarov ham Japarovning qudasi bo‘lib chiqqani aytiladi.

2022-yil dekabrida Japarov ichki ishlar vaziri Ulan Niyazbekov bilan quda bo‘lgan. Japarovning jiyani Niyazbekovning qiziga uylangani aytiladi. Biroq prezidentning yanada yaqinroq qarindoshlari — opa-singillari, aka-ukalari va farzandlari Sadir Japarov hokimiyatga kelganidan so‘ng “iste’dodli tadbirkorlarga” aylangan, deydi nashr.

Japarovning uchinchi o‘g‘li — 21 yoshli Nurdoolot 20-oktabr kuni yangi tashkil etilgan “Bereket” bankining hammuassisiga aylangan. Kloopning ta’kidlashicha, prezidentning jiyani Eskat Nurkojoyev beshta kompaniyaga egalik qiladi. Prezidentning singlisi Raykan Japarova esa Salimbekovlar oilasi a’zolaridan biri hibsga olinib, mulki davlatga qaytarilgach, “Dordoy” bozori egasi Asqar Salimbekovning o‘g‘li bilan birgalikda qo‘shma biznes ochgan.

Source: www.gazeta.uz