Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Kaktus.media nashriga bergan intervyusida fevral oyidagi siyosiy voqealarga oydinlik kiritdi. Suhbat davomida u Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning lavozimidan ozod etilishi va undan keyingi jarayonlarga to‘xtaldi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, u “75 lar xati” deb nomlanuvchi hujjat bilan bog‘liq vaziyatni bir necha manbalardan kuzatib borgan. “Ushbu murojaatning Jogorku Keneshga kelib tushishi, spiker va qo‘mitalar raislarigacha bo‘lgan harakatlanishini kuzatdim. Masala yalpi majlisga chiqarilmoqchi bo‘lganida tezkor va qat’iy choralar ko‘rdim”, — dedi prezident.
Tashiyevning ishga aloqasi bor-yo‘qligi haqida so‘ralganda, Japarov buni tergov va sud belgilashini ta’kidladi. “Hozirda tergov yakunlanmagan. Kim aybdor, kim aybsiz — yakuniy qarorni sud qabul qiladi”, — dedi u. Ayni paytda Kaktus.media Tashiyev, sobiq deputat Kurmankul Zulushev va sobiq spiker Nurlanbek Turgunbek uulu Ichki ishlar vazirligida so‘roq qilingani haqida xabar berdi.
Prezidentga Tashiyevning ukasi Shoirbek Tashiyev hibsda ekani va bu holat do‘stlik munosabatlari tufayli uning ozod etilishiga ta’sir qilishi mumkinmi, degan savol berildi. Japarov bunga qat’iy rad javobini berdi: “Men uchun ‘do‘st’, ‘qarindosh’ degan tushunchalar yo‘q — davlat va xalq manfaatlari ustuvor. Agar qonun buzilsa, hech kim javobgarlikdan qutulib qolmaydi”.
Mandatlarini muddatidan oldin topshirgan deputatlar haqida Japarov ularni “siyosiy intrigalar o‘tkazishga uringan guruh” deb atadi. “Ularning rejalari amalga oshmagach, ayrim deputatlar o‘z ayblarini anglab, mandatlarini topshirgan bo‘lishi mumkin”, — dedi u. Prezident, shuningdek, o‘z yaqinlarining davlat ishlariga aralashmasligini, ular xususiy biznes bilan shug‘ullanishini ta’kidladi, garchi OAV uning qudalari yuqori lavozimlarda ekani va farzandi yirik loyihalarda ishtirok etayotgani haqida yozgan bo‘lsa-da.
Source: www.gazeta.uz