Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Kaktus.media nashriga bergan intervyusida mamlakatda kazinolar faoliyatiga ruxsat berish haqidagi qonunni himoya qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilda qabul qilingan ushbu qonun siyosiy iroda mahsuli bo‘lib, davlat manfaatlariga xizmat qiladi.

Japarovning ta’kidlashicha, qonun qabul qilinishidan oldin fuqarolarning kazinoga borishi va oilalarning barbod bo‘lishi haqida xavotirlar bo‘lgan, ammo amalda birorta ham Qirg‘iziston fuqarosining kazinoga kirgani qayd etilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy e’tibor turistlar va qo‘shni davlatlarning badavlat fuqarolariga qaratilgan.

Prezidentning qayd etishicha, badavlat chet elliklar o‘z mablag‘larini Qirg‘izistonda qoldirmoqda, bu esa turizm orqali iqtisodiyotga foyda keltirmoqda. Shuningdek, ilgari xorijda ishlagan minglab qirg‘izistonliklar qaytib kelib, kazinolarda ish o‘rinlariga ega bo‘lmoqda.

Japarov kazinolar budjetga daromad keltirayotganini va fuqarolar zarar ko‘rmayotganini ta’kidladi. U muvozanatga erishilganini, ya’ni ilgari xorijda yutqazilgan mablag‘lar endi chet elliklarning Qirg‘izistonda yutqazgan pullari hisobiga qoplanayotganini aytdi.

Qirg‘izistonda qimor o‘yinlari faqat MCHJ yoki YOAJ shaklidagi yuridik shaxslarga 10 yil muddatga berilgan litsenziya asosida ruxsat etiladi. Kazinolar turar joy binolarida, ta’lim, tibbiyot, diniy va madaniyat muassasalarida joylashishi mumkin emas. Qirg‘iziston fuqarolari, 21 yoshga to‘lmagan chet el fuqarolari va muomalaga layoqatsiz xorij fuqarolari qimor o‘yinlarida qatnasha olmaydi.

Source: www.gazeta.uz