Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yevropa Ittifoqi kengayish masalalari bo‘yicha yevrokomissar Marta Kos Friburgdagi konferensiyada Serbiyaning sud tizimidagi siyosati tufayli ushbu mamlakatni moliyalashtirishni to‘xtatganini ma’lum qildi.

“Hozirgi vaqtda biz rivojlanish rejasi bo‘yicha barcha to‘lovlarni to‘xtatdik, chunki sud tizimida yana ortga chekinish kuzatilmoqda. Bu holat tuzatilmaguncha, mamlakat YeIning moliyaviy ko‘magini ololmaydi”, — dedi u.

10-aprel kuni Politico nashri Yevropa Ittifoqi mamlakatdagi demokratik islohotlarning tizimli ravishda “ortga ketishi” va Rossiya bilan yaqin hamkorlik tufayli Serbiyaga beriladigan 1,5 milliard yevrogacha bo‘lgan moliyaviy yordamni to‘xtatib qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandi.

23-aprel kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yevropa Ittifoqining Serbiyaga qo‘yayotgan talablaridan ko‘zlangan maqsad uni Rossiya bilan “ziddiyatga solish” ekanini ta’kidlagandi. Uning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi Serbiyaning ittifoqqa a’zo bo‘lishi uchun Rossiya bilan munosabatlarni uzishni shart qilib qo‘ymoqda.

O‘tgan yilning sentabr oyida Pekinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Belgrad Rossiyaga nisbatan neytralitetni saqlab qolishda davom etishini va Serbiya Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilmagan Yevropaning yagona davlati ekanini ma’lum qilgandi.

Source: www.gazeta.uz