Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 12-may kuni 2026−2029-yillarda mamlakat o‘rta ta’lim tizimiga sun’iy intellektni joriy etishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi. Farmon matni Akorda saytida e’lon qilindi.
Hujjatning maqsadi sifatida “sun’iy intellektning jadal rivojlanishi sharoitida” Qozog‘istonning barqaror rivojlanishini ta’minlash va innovatsion ta’lim tizimini “inson kapitalining asosiy elementi sifatida” shakllantirish ko‘rsatilgan.
Qozog‘iston hukumatiga 2026-yil 1-iyulga qadar maktablarda sun’iy intellektni joriy etish rejasini tasdiqlash topshirildi. U shaxsiylashtirilgan ta’lim mexanizmini, raqamli infratuzilmani yaratishni, pedagogik kadrlarni tayyorlashni va o‘quvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishni o‘z ichiga olishi kerak.
2026-yil 1-avgustga qadar maktablarni barqaror yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash bo‘yicha pilot loyiha amalga oshiriladi.
Maktablarda SIni qo‘llash standartlarini shu yilning sentabr oyigacha tasdiqlash rejalashtirilgan. Ular ta’lim kontentini yaratish va o‘qish natijalarini baholash, shuningdek, akademik halollik kafolatlari kabi masalalarni tartibga soladi.
Avvalroq Qozog‘iston hukumati iqtisodiyot rivojlanishini prognoz qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanishi ma’lum bo‘lgandi. Aprel oyi oxirida mamlakat bosh vaziri Oljas Bektenov davlat organlariga “davlat iqtisodiy siyosati samaradorligini oshirish” uchun SIni joriy etishni topshirgandi.
Qozog‘istonda 2026-yil Raqamlashtirish va sun’iy intellekt yili deb e’lon qilingan. “Ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatning barcha sohalardagi salohiyatini kuchaytirishga imkon beradi”, — deb ta’kidlagan edi mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Toqayev.
Source: www.gazeta.uz