Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasida ANKA uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Hujjat 14 may kuni Ostona shahrida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘onning Qozog‘istonga davlat tashrifi chog‘ida, prezident Qasim-Jomart Toqayev bilan muzokaralardan so‘ng imzolangan.
ANKA bo‘yicha kelishuv ikki rahbar ishtirokida imzolangan 13 hujjatdan iborat paketga kiritilgan. Loyiha tafsilotlari, jumladan, investitsiya hajmi, korxona joylashuvi, ishga tushirish muddati va ishlab chiqariladigan apparatlar soni oshkor etilmagan.
Avvalroq Qozog‘iston ushbu dronlar uchun birinchi xorijiy ishlab chiqarish bazasiga aylanishi kerakligi ma’lum qilingan edi. Hamkorlik qo‘shma ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va texnologiyalarni uzatishni o‘z ichiga oladi.
ANKA razvedka-zarba beruvchi uchuvchisiz apparatlar sinfiga kiradi. Maksimal uchish massasi 1700 kg, foydali yuk 350 kg gacha, parvoz davomiyligi 30 soatgacha, ish balandligi 9 ming metrgacha.
Source: kun.uz