Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2022 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yuz bergan keng ko‘lamli blekaut o‘nlab million aholini elektr energiyasisiz qoldirib, Markaziy Osiyo davlatlari uchun energetika sohasida yanada yaqin integratsiya zaruratini yana bir bor ta’kidladi.

Jahon bankining energetika bo‘yicha katta mutaxassisi Maqsudjon Safarovning fikricha, ushbu uzilish mintaqa uchun “ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq” bo‘lib, hozirgi yaxlit bo‘lmagan hamkorlikning cheklovlarini ko‘rsatdi.

Masalaning dolzarbligi elektr energiyasiga bo‘lgan talabning tez o‘sishi bilan yanada kuchaymoqda. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050-yilga borib Markaziy Osiyoda elektr energiyasi iste’moli qariyb uch baravarga o‘sishi mumkin — buni alohida davlatlar mustaqil ravishda ta’minlay olmaydi.

Energetika sektori mintaqa uchun iqlim kun tartibining ham asosiy yo‘nalishiga aylanmoqda. Safarovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda issiqxona gazlari chiqindilarining 75 foizdan ortig‘i energiya ishlab chiqarish va iste’moli bilan bog‘liq.

Ekspert fikricha, mintaqa ichida elektr energiyasi savdosi nafaqat energetik xavfsizlikni oshirishi, balki yanada toza energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirishi ham mumkin. Buning uchun mamlakatlar energetik resurslarining o‘zaro bir-birini to‘ldirishi zamin yaratadi: Qirg‘iziston va Tojikiston yirik gidroenergetik salohiyatga (Qambarota GES-1 va Rog‘un GES loyihalari), Qozog‘iston katta shamol resurslariga, Turkmaniston gaz resurslariga, O‘zbekiston esa quyosh energetikasi salohiyatiga ega.

Mintaqaviy darajadagi integratsiya qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish uchun ham muhim, chunki quyosh va shamol generatsiyasi barqaror emas hamda ob-havo va sutka vaqtiga bog‘liq.

Hozirgi kunda mintaqa ichidagi elektr energiyasi savdosi hajmi pastligicha qolmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, u hozircha talabning atigi 3 foizga yaqin qismini qoplaydi. Mamlakatlar o‘rtasidagi mavjud elektr uzatish liniyalari esa yarmidan ham kam quvvatda ishlatilmoqda. Taqqoslash uchun, Yevropada yagona energiya bozori shakllantirilgandan keyin tizimlararo aloqalardan foydalanish darajasi 85−90 foizga yetgan.

Safarovning aytishicha, asosiy muammolardan biri — to‘laqonli mintaqaviy bozorning yo‘qligi. Hozir davlatlar asosan bir-biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va vaziyatga qarab (ayniqsa qish mavsumida) kelishuvga erishmoqda. Turkmanistondan tashqari hech bir mamlakatni energetik jihatdan to‘liq mustaqil deb bo‘lmaydi.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, yagona mintaqaviy bozorni yaratish elektr energiyasi savdosini yanada shaffof va oldindan tushunarli qiladi. Xususan, narx talab va taklifga qarab bozor mexanizmlari orqali shakllanadi, vaziyatga qarab tuziladigan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida emas. Jahon bankida ta’kidlanishicha, bu energetika sohasining xususiy investorlar uchun jozibadorligini ham oshiradi. Ular rivojlangan mamlakatlarda qayta tiklanuvchi energetikaga faol sarmoya kiritib, elektr energiyasi savdosida ishtirok etmoqda.

Yana bir jiddiy to‘siq — eskirgan infratuzilma. Safarov tushuntirishicha, SSSR parchalanganidan keyin mamlakatlar ichki tarmoqlarni modernizatsiya qilgan, davlatlararo elektr uzatish liniyalari esa 70−80-yillar darajasida qolib ketgan.

Masalaning yana bir jihati — davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishning sustligi. Toshkentda joylashgan “Energiya” xalqaro muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi asosan elektr energiyasi oqimlarini texnik boshqarish bilan shug‘ullanadi, qo‘shma rejalashtirish va umumiy bozorni rivojlantirish masalalari esa hozircha ochiqligicha qolmoqda.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, integratsiyaning asosiy sharti mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy muvofiqlashtirish hisoblanadi. Jahon bankida ta’kidlashlaricha, so‘nggi yillarda aynan siyosiy iroda umumiy energiya bozorini muhokama qilishni qayta boshlash omillaridan biri bo‘ldi. Safarovning fikricha, mintaqa bo‘lajak talabni har bir davlat mustaqil qoplashga urinishidan ko‘ra, mamlakatlarning qiyosiy ustunliklariga tayangani ma’qul.

“Oxirgi 25 yil davomida hech kim bu masalaga qaramagan. Endi energetika vazirlari yiliga bir necha marta uchrashib, mintaqaviy masalalarni muhokama qila boshladi”, — dedi u.

2026-yil yanvar oyida Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi REMIT — “Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlari integratsiyasi” dasturini tasdiqladi. 2035-yilgacha mo‘ljallangan dastur umumiy elektr energiyasi bozorini yaratish, davlatlararo tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya tizimlarini raqamlashtirish va qayta tiklanuvchi energetikani integratsiya qilishni nazarda tutadi.

Dastur bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich allaqachon Jahon banki tomonidan ma’qullangan. Uning birinchi bosqichi doirasida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining “Energiya” muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markaziga dastur doirasida tegishli chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 143,2 million dollarlik grantlar va imtiyozli kredirlar ajratiladi. Ushbu mablag‘larning 140 million dollari Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) resurslaridan va 3,2 million dollari Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi grantlari ko‘rinishida ajratiladi.

Qozog‘istonda loyiha tarmoqlarni modernizatsiya qilish va shamol energetikasini integratsiya qilishga, O‘zbekistonda quyosh generatsiyasini rivojlantirish va qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni kuchaytirishga, Qirg‘izistonda Qambarota GES-1 uchun infratuzilma tayyorlashga, Tojikistonda esa tarmoqlar va Rog‘un GES eksport koridorini kengaytirishga qaratilgan.

Safarovning aytishicha, Turkmaniston ham tashabbusga qo‘shiladi.

“Bu Markaziy Osiyo tarixida barcha besh davlatni birlashtirgan birinchi mintaqaviy loyihadir”, — dedi u.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, yanada yaqin integratsiya 2050-yilga borib Markaziy Osiyoga 15 mlrd dollargacha iqtisodiy foyda keltirishi mumkin. Umumiy bozor mamlakatlarga generatsiyani samaraliroq taqsimlash va har bir davlat ichida ortiqcha quvvatlar qurish ehtiyojini qisqartirish imkonini beradi.

“Har bir davlat o‘zini to‘liq ta’minlash uchun juda ko‘p elektr stansiyalari qurishi shart emas. Qo‘shnilarga tayanish va butun mintaqa miqyosida tizimni optimallashtirish mumkin va zarur”, — deya tushuntirdi Safarov.

Jahon bankida, shuningdek, elektr energiyasi narxi 10 foizgacha pasayishi, energetik xavfsizlik oshishi va issiqxona gazlari chiqindilari 25 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ta’kidlashicha, energiya tizimlari integratsiyasi havo sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Energiya tanqisligi davrlarida mamlakatlar ko‘pincha energiya va isitish uchun ko‘mir hamda mazutdan faolroq foydalanishga majbur bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasida elektr energiyasi oqimlarining yo‘lga qo‘yilishi qazilma yoqilg‘ilar iste’molini kamaytirib, atmosferaga zararli moddalar chiqishini qisqartirishi mumkin.

Havo sifati yomonlashayotgan sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari ekologik sohada mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Avvalroq toza havo masalalari bo‘yicha hukumatlararo koalitsiya tuzilishi e’lon qilingan edi. REMIT doirasida 2035-yilgacha qo‘shimcha 9 GVt qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlari ishga tushirilishi kutilmoqda. Safarovning so‘zlariga ko‘ra, bu mintaqadagi eng yirik gidroenergetika loyihalari — Rog‘un va Qambarota GESlari miqyosiga teng.

Safarov ta’kidlashicha, REMIT alohida loyiha emas, balki Markaziy Osiyoning keyingi energetik integratsiyasi uchun asos sifatida ko‘rilmoqda. Dastur yangi mintaqaviy tashabbuslarni boshlash va xalqaro moliyalashtirishni jalb qilish uchun platformaga aylanishi kerak.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2035-yilgacha Markaziy Osiyo energiya tizimlarini modernizatsiya va integratsiya qilish uchun kamida 5,5 mlrd dollar talab etiladi. REMIT’ning joriy moliyalashtirish paketi taxminan 1 mlrd dollarga baholanmoqda. Dastur amalga oshirilgandan so‘ng Jahon banki Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi kamida ikki baravar o‘sishini kutmoqda.

Source: www.gazeta.uz