Juma kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan birgalikda Turkiston shahridagi yangi masjidni ziyorat qildi. Ushbu masjid O‘zbekiston tomonidan qardosh mamlakatga tuhfa sifatida qurilgan bo‘lib, bu ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va hamkorlikning yana bir namunasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Majmuaning umumiy maydoni 7 gektardan ziyod bo‘lib, unda bir vaqtning o‘zida 5 mingdan ortiq kishi namoz o‘qishi mumkin. Ansambl to‘rtta 70 metrli minoradan va uch qavatli bosh binodan iborat bo‘lib, unda asosiy zal va an’anaviy ayvonlar mavjud. Masjid me’morchiligi islom va Sharq an’analarining eng yaxshi namunalarini o‘zida mujassam etgan.
Majmuaga tutash 4,2 gektarlik hududda yashil maydonlar, piyodalar yo‘laklari, dam olish maskanlari, yoritish tizimlari, manzarali elementlar va favvoralar barpo etilmoqda. Bu yerda zamonaviy qurilish texnologiyalari milliy naqshlar, sharqona gumbazlar va baland minoralar bilan uyg‘unlashgan.
Masjidning ichki bezagida islom xattotlik va naqqoshlik san’ati namunalaridan keng foydalanilgan. Ziyorat chog‘ida Qur’on oyatlari tilovat etilib, qardosh xalqlarga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.
Source: www.gazeta.uz