Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov jahon yetakchilarini 2026-yil 3-iyun kuni Nyu Yorkda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Qirg‘izistonni BMT Xavfsizlik kengashining nodoimiy a’zoligiga saylashga chaqirdi. Ushbu murojaat davlat rahbarining Facebook’dagi sahifasida e’lon qilindi.

Japarov o‘z murojaatida Kengash tarkibida kichik, rivojlanayotgan va dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlarning yetarlicha ishtirok etmasligi “jamoaviy xavfsizlikning butun arxitekturasi barqarorligiga putur yetkazishini” ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTning ushbu organida turli guruhlardagi mamlakatlarning vakillikka ega bo‘lishi “siyosiy xohish-istak emas, balki obyektiv zaruratdir”.

“Qirg‘izistonning saylanishi jahon hamjamiyati tarixiy adolatni tiklash va barcha mamlakatlar uchun BMTning yetakchi organiga saylanishda teng huquqlarni ta’minlash borasida siyosiy irodaga ega ekanining isboti bo‘ladi”, — deyiladi murojaatda.

Prezident Qirg‘iziston saylangan taqdirda Xavfsizlik kengashi faoliyatining samaradorligi va shaffofligini oshirishda davom etishini, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning global xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish borasidagi jamoaviy sa’y-harakatlariga munosib hissa qo‘shishini ishonch bilan ta’kidladi.

Japarov Qirg‘izistonning hech qanday blokli majburiyatlar tizimi bilan bog‘lanmagani va “ziddiyatli geosiyosiy konfiguratsiyalar”ga jalb etilmaganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Bishkek “ikkiyoqlama standartlar amaliyoti”ga va Xavfsizlik kengashidan “tor manfaatlar yo‘lida” foydalanilishiga qarshi ekanini qo‘shimcha qildi.

“Bu bizga Xavfsizlik kengashi doirasida qutblashishni kamaytirish va funksional muloqotni qayta tiklashga qaratilgan vazmin, mustaqil va pragmatik pozitsiyani egallash imkonini beradi… Saylangan taqdirda, Qirg‘iz Respublikasi Kengashda pragmatik, siyosiylashtirilmagan va barqaror qarorlar tarafdori sifatida ish olib boradi”, — deyiladi murojaatda.

Prezident, shuningdek, Qirg‘iziston ommaviy qirg‘in qurollaridan butunlay voz kechish tamoyillari asosida izchil tashqi siyosat olib borayotganini ko‘rsatib o‘tdi. U Qirg‘iziston nomzodi Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanayotganini qo‘shimcha qildi hamda BMT Xavfsizlik kengashida “keng doiradagi davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda, kelishilgan va mas’uliyatli pozitsiya” bilan chiqishga tayyorligini tasdiqladi.

Source: www.gazeta.uz