Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston va Belarus o‘zaro tovar aylanmasini 2030-yilga borib 2 milliard AQSh dollariga yetkazishga qaratilgan qo‘shma dastur ishlab chiqishga kirishdi. Bu haqda ikki mamlakat bosh vazir o‘rinbosarlari – Jamshid Xo‘jayev va Yuriy Shuleyko hamraisligida o‘tkazilgan Qo‘shma hukumatlararo komissiyaning 12-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ma’lum bo‘ldi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Jamshid Xo‘jayev ikki tomonlama hamkorlik ishonchli siyosiy muloqot va prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko irodasi tufayli izchil mustahkamlanayotganini ta’kidladi.

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi 25 foizga o‘sib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Joriy yilda ham ijobiy dinamika saqlanmoqda: 2026-yilning yanvar–mart oylarida tovar aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 50 foizga oshib, 259,7 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Hamkorlikning asosiy drayverlaridan biri sifatida sanoat kooperatsiyasi qayd etildi. Hozirda O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokida 245 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Belarusda O‘zbek kapitali bilan 110 ta korxona tashkil etilgan. Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 341 million AQSh dollariga baholanmoqda.

Yig‘ilishda transport-logistika aloqalarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. 2025-yil yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi yuk tashish hajmi 796,6 ming tonnadan oshdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga ko‘p.

Mintaqalararo va madaniy-gumanitar hamkorlik muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. 2017-yildan buyon O‘zbekiston va Belarus mintaqalarining 40 dan ortiq o‘zaro tashriflari amalga oshirilgan. Ta’lim, madaniyat, turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida aloqalar faol rivojlanmoqda.

Source: kun.uz