Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

29-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2019-yilda ishlash uchun Rossiyaga ketgan va 2021-yilda giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat uchun 9 yilga qamalgan.

2025-yil iyul oyida Tver shahridagi koloniyada jazo o‘tayotganda, Rossiya Mudofaa vazirligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan targ‘ibotdan so‘ng, u Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashishga rozilik bergan va bir yillik shartnoma imzolagan. U 6-armiya tarkibida granatomyotchi sifatida xizmat qilgan.

Sudlanuvchi 2025-yil avgust va noyabr oylarida Xarkov viloyatidagi janglarda qatnashgan, ikki marta yaralangan. Gospitaldan keyin O‘zbekistonga qaytib kelgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z ixtiyori bilan murojaat qilgan.

Sudda u aybiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirgan va boshqa o‘zbekistonliklarni qaytarishda yordam berishga tayyor ekanini aytgan. Sud uning ixtiyoriy qaytgani, oilaning yagona boquvchisi ekani va boshqa yengillashtiruvchi omillarni hisobga olgan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) va 154-1-moddasi 1-qismida (Chet davlat harbiy xizmatiga yollanish) aybdor deb topilgan. Unga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan, u To‘rtko‘l tumanidagi uyida jazo o‘taydi.

Source: www.gazeta.uz