Kuchli shamol tufayli Tojikistonning Xo‘jand shahrida havo shari boshqaruvdan chiqib, bir nechta uy tomiga quladi va uch kishining jarohatlanishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Aziya-Plyus nashri xabar bermoqda.
Hodisa 1-iyun kuni kechga yaqin Kamoli Xudjandiy nomidagi teatr yaqinida yuz bergan. Shar “Farovon” kompaniyasi tomonidan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan olib kelingan. Biroq mahkamlash yetarlicha bo‘lmagani uchun uni shamol uchirib ketgani aytiladi.
Xo‘jand shahri 1-sonli shifoxonasidan ma’lum qilishlaricha, hodisadan so‘ng ularga ikki kishi — O‘zbekiston fuqarosi, 46 yoshli Rustam Saydaliyev va Xo‘jand shahridan 40 yoshli Firuza Tursunova olib kelingan. Saydaliyev hodisa vaqtida havo shari ichida bo‘lgan, arqon uzilgach, yerga qulagan.
Shar yaqinida bo‘lgan Tursunova esa uzilib ketgan arqondan tan jarohati olgan. Uning 10−11 yoshlar atrofidagi qizi ham voqea joyida bo‘lgan va yengil jarohatlangan.
Shuningdek, havo shari qulashi oqibatida tomi shikastlangan ikki xonadonga yetkazilgan zarar bartaraf etildi.
Source: www.gazeta.uz