O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv boshida Oljas Bektenov O‘zbekiston rahbariga Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Barcha darajadagi intensiv aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi o‘sib bormoqda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi “yo‘l xaritasi” asosida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning iyul oyida Oqtau shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va birinchi Mintaqalar kengashiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Source: kun.uz