Rossiya hukumati mehnat migrantlarini jalb qilish qoidalarini tobora qattiqlashtirmoqda. Hozirda 52 ta hududda turli cheklovlar joriy etilgan bo‘lib, biznes xarajatlarning oshishi va kadrlar tanqisligiga duch kelmoqda.
Tashqi iqtisodiy aloqalar palatasi direktori Vasiliy Kuznetsovning ma’lumotiga ko‘ra, Sankt-Peterburg 2026-yil oxirigacha patent asosidagi migrantlarning taksi va yetkazib berish sohasida ishlashini taqiqlagan. Krasnodar o‘lkasi esa 2025-yil boshidan patent bo‘yicha chet elliklarni jalb qilishni deyarli butunlay cheklagan.
Pskov viloyati 2026-yil 1-iyuldan migrantlar uchun taksi, avtobus tashish, kurerlik yetkazish, restoran, kafe hamda alkogol va tamaki savdosida ishlashni taqiqlovchi qaror qabul qilgan.
Kuznetsovning ta’kidlashicha, hukumat mehnat bozorini barqaror deb hisoblasa-da, biznes xizmatlar narxining oshishi va ishchi kuchi yetishmasligiga duch kelmoqda. Asosiy o‘zgarishlardan biri sifatida u xorijiy ishchilarni maqsadli tashkillashtirilgan yollash tizimiga o‘tishni keltirgan.
2027–2032 yillarda eksperiment o‘tkazilishi rejalashtirilgan: chet elliklar faqat aniq bir ish beruvchi va ish joyi uchun jalb qilinadi. Buning uchun ishchi va ish beruvchilarning elektron reyestrlari yaratiladi, Ichki ishlar vazirligi huzurida yagona davlat operatori joriy etiladi, avans shaklida shaxsiy daromad solig‘i to‘lanadi va odatdagi patentlar bilan ruxsatnomalar bekor qilinadi.
Yana bir muhim tendensiya – qonuniy yollash narxining oshishi va ish beruvchilar javobgarligining kengayishi. Davlat Dumasi qabul qilgan qonunga ko‘ra, kirishga taklifnoma uchun davlat boji 960 rubldan 8 ming rublgacha, ko‘p martalik viza rasmiylashtirish esa 1,9 mingdan 6 ming rublgacha oshirilgan.
Ekspert, shuningdek, yuqori malakali xorijiy mutaxassislar uchun ish haqi chegarasini oshirish tashabbusiga e’tibor qaratgan. Agar ilgari bu ko‘rsatkich chorakda 750 ming rublni tashkil qilgan bo‘lsa, endi oyiga 717 ming rublgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bu ish beruvchilar uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirishi mumkin: agar kompaniya bunday daromadni ta’minlay olmasa, jarimaga tortiladi, shartnomani bekor qilish esa Mehnat kodeksi normalari bilan cheklangan.
Keng ko‘lamli o‘zgarishlar qatorida ekspert hisob va nazoratni raqamlashtirishni ham sanab o‘tgan. Uning eslatishicha, 2025-yil fevralidan boshlab IIVning nazorat qilinadigan shaxslar reyestri ishlamoqda, unga Rossiyada qonuniy asoslarsiz bo‘lgan chet elliklar kiritiladi.
Source: podrobno.uz