O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belarus poytaxti Minskga yetib keldi. Davlat rahbarini Minsk xalqaro aeroportida Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchin, Tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida aeroportda ikki davlatning davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi. Bu O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajada ekanidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, tashrif dasturiga ko‘ra, ertaga, 9-iyul kuni Minskda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz