Qozog‘istonda chegara orqali yonilg‘ini noqonuniy olib chiqib ketishga chek qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar amal qilmoqda. Bu haqda hukumatdagi brifingda energetika vaziri o‘rinbosari Kayirxan Tutkishbayev ma’lum qildi.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, amaldagi choralardan biri chegaradosh davlatlardan transport vositalarining kirishiga cheklov o‘rnatish bo‘ldi. Hozirda chegaradosh davlatlardan yuk va yengil transport vositalari Qozog‘iston hududiga sutkasiga bir martadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kirishi mumkin.
“Asosiy ish hozirda yonilg‘ining ‘kulrang’ eksporti uchun foydalaniladigan qo‘shimcha yonilg‘i baklariga ega avtomobillarni aniqlash bo‘yicha olib borilmoqda”, — dedi vazir o‘rinbosari. Uning qo‘shimcha qilishicha, chegaraoldi hududlarida yonilg‘ini noqonuniy olib chiqib ketishga urinayotgan qoidabuzarlar muntazam ravishda aniqlanmoqda.
Bundan avvalroq bosh vazir Oljas Bektenov yonilg‘i-moylash materiallarining noqonuniy olib chiqib ketilishi ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirgandi. Mamlakat hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, atigi ikki sutka ichida o‘tkazish punktlarida qo‘shimcha baklar va kanistralarda 3 tonnadan ortiq yonilg‘i olib chiqib ketilishi bilan bog‘liq 61 ta urinishning oldi olingan, yil boshidan buyon esa neft mahsulotlarini noqonuniy olib chiqib ketishga qaratilgan 593 ta urinish aniqlangan.
Source: www.gazeta.uz