Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiya Davlat Dumasi mehnat muhojirlari va ularning oila a'zolarining mamlakatda bo'lish tartibini keskin qattiqlashtiruvchi qonunni qabul qildi. Qonunga ko'ra, agar patent yoki ishlash ruxsatnomasi bekor qilinsa yoki uzaytirilmasa, chet ellik ishchi 15 kun ichida Rossiyani tark etishi shart. Bu talab voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan asrab olingan va vasiylikdagi bolalarga ham taalluqli.

Yangi qonun, shuningdek, chet ellik ishchilarni o'zlari va oila a'zolarini mintaqadagi yashash minimumidan past bo'lmagan daromad bilan ta'minlashga majbur qiladi. Agar daromad belgilangan darajadan past bo'lsa, mehnat shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi va mamlakatda qolish muddati qisqartiriladi. Patent berish yoki uzaytirish rad etiladi.

Daromad nazorati mexanizmi joriy etilmoqda: soliq organlari muhojirlarning daromadlari to'g'risidagi ma'lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga taqdim etadi. Ijtimoiy fond esa ularning mehnat faoliyati haqida ma'lumot beradi. IIV daromad mavjudligi, uning darajasi va shaxsiy daromad solig'i bo'yicha avans to'lovini tekshirish huquqiga ega.

Agar vaqtincha yoki doimiy yashovchi chet ellik fuqaroning daromadi yil davomida yashash minimumidan past bo'lsa, uning vaqtincha yashash guvohnomasi yoki yashash ruxsatnomasi bekor qilinadi. Istisnolar: kunduzgi talabalar, nafaqaxo'rlar, mehnatga layoqatsiz shaxslar va voyaga yetmaganlar. Agar ishchi ishini yo'qotsa, lekin uch oy ichida yangi ish topsa va daromad talablarga javob bersa, ruxsatnoma bekor qilinmaydi.

Qonunning asosiy qismi 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. 2027 yil 1 martdan boshlab daromad talablari va qolish muddatini qisqartirish mexanizmi joriy etiladi. Davlat organlari o'rtasida ma'lumot almashish qoidalari qonun rasmiy e'lon qilinganidan keyin 90 kun o'tgach kuchga kiradi.

Source: kun.uz