Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqandlik Diyorbek Rossiyaga ishlash uchun ketib, hayotidagi eng og‘ir sinovlardan birini boshdan kechirdi. U migratsiya masalalarini hal qilish uchun ko‘rsatilgan manzilga borganida, uni harbiy kontraktni imzolashga majbur qilishgan va shu tariqa u Rossiya armiyasi safiga tushib qolgan.

Rus tilini bilmagan va hujjatlar mazmunini tushunmagan yigit bir necha oy harbiy qismlarda bo‘lgan. Undan janglarda va manevrlarda qatnashish talab qilingan, biroq u rad etgan.

«Men ularning urushida jang qilmayman. Bu mening Vatanim emas. Agar bu mening Vatanim bo‘lsa edi, oxirigacha kurashgan bo‘lardim», — deydi Diyorbek.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rad javobidan so‘ng bosim boshlangan: kaltaklash, och qoldirish va og‘ir sinovlar. Ammo u jang qilishdan ko‘ra, qiyinchiliklarga chidashni afzal ko‘rgan. Uning asosiy maqsadi bitta edi — qochish.

Qochishga qaror qilgan Diyorbek Voronejdan Moskva tomon yo‘l olgan. Bu oddiy sayohat emas edi. Har bir qadam xavfli edi — u ushlanib qolsa, jazo avvalgi boshidan kechirganlaridan dahshatliroq bo‘lishini bilardi. Xavfsizlik uchun u piyoda, mashina va poyezdlarsiz, fuqarolik kiyimida, ryukzakiga ovqat olib harakatlangan.

U qishloqlarga yaqinlashmaslikka harakat qilgan, asosan o‘rmonlar, temir yo‘llar va yo‘l chetlari bo‘ylab yurgan, odamlarga ko‘rinmaslikka intilgan. Ovqat tugagach, og‘ir sharoitlarda yashashga majbur bo‘lgan.

«Tunlar bo‘yi axlat qutilaridan ovqat qidirganman. Ariqlardan suv ichganman. Men tog‘larda o‘sganman va o‘rmonda qolishdan qo‘rqmaganman. Meni yana ushlab, qaytarib olib ketishlaridan qo‘rqqanman», — deya hikoya qiladi u.

14 kundan so‘ng Moskvaga yetib kelgan. U ayniqsa O‘zbekiston elchixonasi binosidagi bayroqni ko‘rgan paytni eslaydi.

«O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rganimda, ichimdagi qo‘rquv yo‘qoldi. O‘zimni xavfsiz his qildim», — deydi Diyorbek.

Elchixona yordami bilan u O‘zbekistonga qaytarilgan. Bugun Diyorbek ota-onasi bilan birga.

«Ota-onamning quvonchini ko‘rganimda, u yerdagi barcha azoblarim yo‘qoldi», — deydi u.

Ushbu intervyu chet elga ishlash uchun ketayotgan minglab vatandoshlar uchun ogohlantirish sifatida tayyorlangan. Til va qonunlarni bilmaslik, mazmunini tushunmay hujjatlarni imzolash, shuningdek urushda qatnashishga bosim va majburlash kutilmagan sinovlarga olib kelishi mumkin.

Source: kun.uz