Rossiya Federal bojxona xizmati (FBX) xabariga ko‘ra, O‘zbekistondan Moskvaga uchib kelgan 54 yoshli erkakning yuklaridan 446 dona qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar topildi. Hodisa Domodedovo aeroportida ro‘y bergan.
Bojxonachilar erkakni yashil yo‘lakda to‘xtatib, uning chamadonini rentgen uskunasida tekshirgan. Dastlab 32 dona yashil rangli tosh aniqlangan. Keyinroq fuqaro jinsi shimining cho‘ntaklaridan metall plastina bilan birga 313 ta turli shakl, rang va hajmdagi mineralni chiqarib bergan. Ichki kiyimidan esa yana 101 ta tosh solingan zip-paket topilgan.
Erkak o‘z tushuntirishida bu toshlarni zargarlik firmasi uchun namuna sifatida olib kelayotganini va deklaratsiya to‘ldirish zarurligini bilmaganini aytgan. FBX ekspertizasi plastina 960 probali kumushdan, minerallar esa zumrad, apatit, turmalin va sintetik muassanitlardan iborat ekanini aniqlagan.
Tovarlarning umumiy qiymati 2,5 million rubl (taxminan 32,2 ming dollar)ni tashkil etgan. Sud erkakni yirik hajmdagi strategik muhim resurslar kontrabandasi moddasi bilan aybdor deb topib, uni 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan va koloniyaga jo‘natgan.
Source: www.gazeta.uz