Qirg‘iziston hukumati neft va neft mahsulotlari eksportiga nisbatan muddatsiz taqiq joriy qildi. Endilikda cheklov ichki bozorni to‘liq ta’minlangunga qadar yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining yagona neft bozori ishga tushgunga qadar amal qiladi.
Ilgari taqiq ma’lum muddatga belgilangan bo‘lsa, endi u noma’lum muddatga uzaytirildi. Cheklov avtomobil va temir yo‘l transportida neft, benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa neft mahsulotlarini eksport qilishni o‘z ichiga oladi.
Istisno sifatida nafta, mazut va pech yoqilg‘isi uchun ruxsat berilgan, ammo ularni faqat Vazirlar Mahkamasining alohida qarori bilan xorijda qayta ishlash va tayyor mahsulotni mamlakatga qaytarish sharti bilan olib chiqish mumkin. Shuningdek, chegara kesib o‘tayotgan transport vositalarining shtat baklaridagi yoqilg‘i taqiqdan mustasno.
Hukumat, shuningdek, ayrim turdagi neft va neft mahsulotlarini avtomobil transportida olib kirishga ruxsat beruvchi istisnoni 2027-yil 1-aprelgacha uzaytirdi.
Vazirlar Mahkamasi bu o‘zgarishlar yoqilg‘i tanqisligining oldini olish, energetik xavfsizlikni ta’minlash va ichki bozor barqarorligini saqlashga qaratilganini bildirdi.
Qaror Qirg‘izistonga asosiy yoqilg‘i yetkazib beruvchi Rossiyadagi cheklovlar fonida qabul qilindi. Rossiya neft eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilgan, shuningdek, neftni qayta ishlash zavodlaridagi uzilishlar (jumladan, dron hujumlari tufayli) yetkazib berishni qiyinlashtirgan.
Avvalroq Qirg‘iziston yoqilg‘i tanqisligining oldini olish uchun O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlarga rasmiy murojaatlar yuborgan edi. Respublika, shuningdek, benzin va boshqa neft mahsulotlarini ichki ishlab chiqarishni ko‘paytirish niyatida.
Source: podrobno.uz