Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti bilan birga Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan kelgan Ziroat Mirziyoyeva, Qirg‘iziston birinchi xonimi Aygul Japarova va Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Cholpon-Ota shahridagi «Oltin Bolalik» davlat sog‘lomlashtirish-reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi.

Mehmonlar markaz faoliyati va tarbiyalanuvchilar uchun o‘quv mahorat darslari bilan tanishdi, bolalar bilan muloqot qildi. Ular uchun «Shattik» milliy raqs ansambli va yosh komuzchilar chiqish qildi.

Markazda «Aqilman» iqtidorli bolalar prezident litseyi tarbiyalanuvchilari yaratgan loy va kigiz buyumlari ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.

Shundan so‘ng oliy mehmonlar plyaj zonasini va san’at galereyasini ko‘zdan kechirdi. Galereyada Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro bolalar ijodiyoti tanlovlari g‘oliblari, jumladan, o‘zbekistonlik yosh rassomlarning asarlari namoyish etildi.

Dasturning alohida qismi «Do‘stlik daraxti» kigiz paneliga yakuniy elementni qo‘yish marosimi bo‘ldi. Bu uch davlat xalqlari do‘stligini ramziy ifodalaydi.

Tashrif yakunida Ziroat Mirziyoyeva Qirg‘iziston birinchi xonimidan an’anaviy qirg‘iz musiqa asbobi — ooz komuzni sovg‘a sifatida qabul qildi.

«Oltin Bolalik» — Issiqko‘l bo‘yidagi Cholpon-Ota shahrida joylashgan davlat sog‘lomlashtirish-reabilitatsiya markazi. Bu yerda turli kasalliklarga chalingan va imkoniyati cheklangan bolalar davolanadi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning bolalari dam oladi.

Source: uznews.uz